Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda temir yo‘l xizmatlarini yaxshilash hamda mintaqada savdo va turizmni rivojlantirish uchun 162 mln dollarlik kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, loyiha doirasida mamlakat g‘arbidagi yirik shahar markazlari, jumladan, Buxoro, Miskin, Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi 465 kilometrlik temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish ko‘zda tutilgan.

«Bu soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlanuvchi tezyurar poyezdlarning harakatini yo‘lga qo‘yish, Buxoro va Xiva o‘rtasidagi qatnov vaqtini ikki soatgacha qisqartirish, poytaxt Toshkentdan Xivaga yetti soatda yetib borish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukovning ta’kidlashicha, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan O‘zbekiston sharoitida «ishonchli va xavfsiz transport infratuzilmasi» iqtisodiy o‘sishning hal qiluvchi omili hisoblanadi. OTBning mazkur loyihasi Xorazmni O‘zbekistonning qolgan qismi bilan bog‘laydigan iqtisodiy yo‘lak yaratish imkonini beradi. Shuningdek, turizmning pandemiyadan qayta tiklanishi hamda mamlakatni «mintaqaviy tranzit markaziga» aylanishiga xizmat qiladi.

Ma’lum qilinishicha, loyiha Xitoy Xalq Respublikasini Markaziy Osiyo orqali Yevropa bilan bog‘laydigan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi (CAREC) 2-koridorining bir qismi hisoblanadi. Mazkur loyiha qatnov chastotasi va temir yo‘l xizmatlari sifatini takomillashtirish orqali O‘zbekistonning tashqi dunyo bilan aloqa va savdo munosabatlarini yaxshilash imkonini beradi.

Bundan tashqari, OTB loyiha hududida turizm sohasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda. Xususan, bu borada elektron chiptalar tizimini ishlab chiqish, turizm menejmentiga ayollarni jalb qilish va o‘qitish, shuningdek, ayollar, bolalar, qariyalar va nogironligi bor yo‘lovchilar uchun kirish va xavfsizlik funksiyalari mavjud poyezd stansiyalari atrofida shaharsozlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Prognozlarga ko‘ra, «Buxoro-Xiva» liniyasining elektrlashtirilishi yillik yo‘lovchi tashish hajmini 2026 yilga kelib uch yarim barobardan ziyodga — 1 million yo‘lovchidan ko‘proqqa oshiradi. Yillik yuk tashish hajmi esa 2026 yilda jami 11,8 million tonnaga yetishi kutilmoqda.

OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo mintaqasida transport va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha direktori Xideaki Ivasakining fikricha, loyiha mamlakatda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rag‘batlantirish bilan bir qatorda, temir yo‘l liniyasini dizel yoqilg‘isidan elektr energiyasiga o‘tishini ta’minlash orqali O‘zbekistonning kam uglerodli transportga o‘tishini va, pirovardida, mamlakatning Parij kelishuvi doirasidagi majburiyatlari bajarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Xabarda qayd etilishicha, hukumatning Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankiga 108 mln dollar miqdorida kredit ajratish yuzasidan so‘rovi mazkur bank boshqaruv kengashi tomonidan ma’qullagan. Ushbu kredit boshqaruviga ham qisman OTB egalik qilishi aytilmoqda.

«OTB, shuningdek, temir yo‘l operatsiyalari va boshqaruvi bo‘yicha tanlab olingan ayol talabalarni o‘qitish kabi asosiy gender tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 300 ming dollar miqdoridagi texnik yordam grantini taqdim etadi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq OTB Toshkent viloyatida suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanishni yaxshilash maqsadida 161 mln dollar miqdorida kredit ajratishi xususida xabar berilgan edi.

9 dekabr kuni esa bank O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes sohasiga qulay muhit yaratish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln dollar miqdorida kredit ajratish yuzasidan qarorni ma’qullaganini e’lon qildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Moliya vazirligi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan davlat tashqi qarzi qoldig‘ining asosiy qismi OTB hissasiga to‘g‘ri kelib, 1 oktabr holatiga 5,1 mlrd dollarni tashkil etgan.