Urganch shahri markazida zamonaviy yerosti avtomobil yo‘li qurib bitkazildi, deb xabar bermoqda Xorazm viloyati hokimligi.

Shahardagi eng tirband Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari hududida qurilgan tunnelning uzunligi 500 metr, kengligi 17 metrni tashkil etadi.

Loyiha bo‘yicha soatiga 3200 ta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega.


Viloyat hokimi Farxod Ermanov bunday yerosti avtomobil yo‘li viloyatlar ichida ilk bor Xorazmda bunyod etilgani ma’lum qilgan.

Mazkur yo‘l o‘tkazgichni barpo qilishda «Ko‘prikqurilish tresti» UK bosh pudratchi tashkilot bo‘lgan.

Yo‘l koroxonaning «14-Ko‘prikqurilish» otryadiga qarashli 140 ta maxsus texnika hamda 1 800 nafardan ziyod injener va quruvchilar tomonidan bunyod etilgan.


Yer osti yo‘li qurilishi bilan birga Qirg‘izyop kanalining shu hududdan oqib o‘tuvchi qismi yangidan betonlashtirilgan. Shuningdek, zamonaviy panjaralar o‘rnatilib, obodonlashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, al-Xorazmiy (sutkasiga 18 ming avtomobil) va Islom Karimov (sutkasiga 14 ming avtomobil) ko‘chalari shahardagi eng tirband yo‘llardan biri hisoblanadi. Yer osti yo‘li qurilishi natijasida ushbu chorrahadagi tirbandlik bartaraf etildi, yo‘l-transport hodisalarining oldi olinib, piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlandi, deyiladi xabarda.


Joriy yil boshida «Gazeta.uz» Urganch shahrining markaziy maydoni yangidan qurilishi rejalashtirilayotgani, maydon markazida 25 metrlik kattalikdagi Jaloliddin Manguberdi haykali o‘rnatilishi haqida yozgandik. O‘shanda maydon ostidan esa avtomobil tunneli o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi.