Toshkentda maktablarda joy yetishmasligini binolarni ijaraga berish orqali hal qilish rejalashtirilmoqda

Prognozlarga ko‘ra, 2025 yilda Toshkent maktablarida 550 ming o‘quvchi tahsil oladi. Besh yil ichida shaharda 30 ta maktab qurish rejalashtirilmoqda, biroq bu sinflarda joy yetishmasligi muammosini hal uchun yetarli emas. Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev davlat har yili 20−30 tadan maktab qura oladigan darajaga yetgunicha vaqtinchalik yechim sifatida bo‘sh binolarni ishbilarmonlardan ijaraga olish ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Denovdagi portlash yuzasidan uch mansabdor qamoqqa olindi

Denovdagi savdo markazida yuzaga kelgan portlashda shahar gaz bo‘limi boshlig‘i hamda Hududgaz Surxondaryo gazta’minotining 2 nafar xodimi aybdor deb gumon qilinib, qamoqqa olindi. Ular o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaganlik va moddiy qimmatliklar olganlikda ayblanmoqda.

Urganch markazida yangi tunnel foydalanishga topshirildi

Urganch shahri markazida Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari hududida 500 metrlik yangi tunnel foydalanishga topshirildi. Yerosti yo‘li soatiga 3200 ta avtomobil o‘tkazish imkoniyatiga ega. Viloyat hokimi Farhod Ermanov bu kabi tunnel viloyatlar orasida yagona ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekistonda 15 dekabrgacha 125 kishi is gazidan vafot etgan

Yil boshidan beri O‘zbekistonda is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi oqibatida 115 nafar inson jarohatlandi, 125 kishi esa halok bo‘ldi. Aynan qish mavsumida har uchta noxush holatdan bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanishdan kelib chiqmoqda.

«Narxlar o‘ynab turadi — bu hayot». Bektemir hokimi «Qo‘yliq» ko‘chirilishi haqida

Poytaxtning Bektemir tumani hokimi Tapil Maxamadziyayev «Qo‘yliq» ulgurji bozori Food City majmuasiga bosqichma-bosqich ko‘chishini tasdiqladi. «Food City`da shundoq sharoitlar yaratilganki, bunaqa sharoit Ecobozor`da ham yo‘q. «Qo‘yliq»da asfaltda o‘tirib sotgandan ko‘ra, o‘sha yerga oborib sotgan ma’qul», — dedi u.

TikTok tarmog‘iga o‘zbek tili qo‘shilishi mumkin

Komil Allamjonov TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti Teo Bertramga tarmoqni O‘zbekiston qadriyatlari va mintalitetiga moslash taklifini bildirdi. Kompaniya mas’ullari esa uning takliflarini inobatga olinishi qatorida, TikTok`ga o‘zbek tilini ham kiritishga tayyorligini ma’lum qilgan. Tarmoq hanuz uzilishlar bilan ishlayapti.

G‘afur G‘ulom bog‘ini investorga berish masalasi qayta ko‘rib chiqiladi — Jahongir Ortiqxo‘jayev

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev G‘afur G‘ulom bog‘ini 49 yilga ijaraga olgan investor o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarmaganini ma’lum qildi. U bog‘ni ijaraga berish masalasi qayta ko‘rib chiqilishini aytdi.

Oliy sudga uch nafar sudya saylandi

Senatorlar navbatdagi yalpi majlisda Shuhrat Mahmudov, Rustam Haydarov va Djamol Choriyevni 10 yillik muddatga Oliy sud sudyasi etib saylash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Kogonda yashovchi fuqaro o‘z do‘konini xokimiyatga sovg‘a qildi

Kogon hokimiyati shaharda yashovchi fuqaroga tegishli bo‘lgan bosh bekat hududida joylashgan do‘konni beg‘araz qabul qilib oldi. Hokimlik kelgusida uni muhtoj oilaga yashash sharoitini yaxshilash maqsadida berilishini ma’lum qildi.

Baxshichilik san’ati YUNESKO Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi

YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi XVI sessiyasi doirasida Baxshichilik san’ati O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar:

Orolbo‘yi haqida qisqasini aytganda — Umid bor!

Orol dengizining qurigan tubida qanday jarayonlar sodir bo‘lmoqda? Ushbu hududlarga ekilgan saksovullar unib-o‘sdimi? Ular tevarak-muhitga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Bugungi Orolbo‘yi haqida umidli qarashlar bormi? Tuproqshunos, biologiya fanlari doktori Galina Stulina tuproqshunoslik kasbini tanlash sabablari, Orolbo‘yi deganda qaysi hududlar tushunilishi, Orolqum cho‘liga uyushtirilgan ekspeditsiyalar va ushbu hududlarning istiqbollari, ayollarning fandagi muvaffaqiyatlari asoslari haqida.