Rossiyaning Tula shahrida O‘zbekiston fuqarosi A. U. Ye. («arestantskoye urkaganskoye yedinstvo» — «mahbus banditlar uyushmasi») ramzi tushirilgan bosh kiyim kiygani uchun huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan so‘roq qilindi.

10 dekabr kuni «Tula. Ekstremizm» Telegram-kanali dastlab tahririyatga «mashrutka»da «O‘rta Osiyo davlatlaridan kelgani aniq bo‘lgan» erkakning «A.U.Ye.» ekstremistik uyushmasining ramzi tushirilgan bosh kiyimda ketayotgani aks etgan fotosurat kelib tushgani haqida ma’lum qildi.

«Ko‘rib turibmizki, u o‘z vatanida RF qonunlarini o‘rganmagan. Rus tili bilan bog‘liq vaziyatning qandayligi ham noma’lum. Ehtimol, xuddi shunday yomon», — deya izoh beriladi xabarga.

Keyinroq ushbu erkakning O‘zbekiston fuqarosi ekani, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari rus tilini bilmagani sababli o‘zbek tarjimoni yordamida uni so‘roq qilgani haqida xabar berildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «A.U.Ye.» ramzi tushirilgan bosh kiyimni O‘zbekiston hududida sotib olgan. Ushbu ramzning nimani anglatishini bilmagan.

Ta’kidlanishicha, u bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaning ekstremistik faoliyat va migratsiyaga taalluqli qonunlaridan xabardor bo‘lish zarurligini tan olgan, shuningdek, mazkur ramzni namoyish qilib yurmaslikka hamda rus tili va RF qonunlarini o‘rganishga va’da bergan.

«Viloyat prokuraturasi chet ellikka RF qonunchiligini buzmaslik to‘g‘risida ogohlantirish berdi. Uning ustidan qo‘shimcha nazorat o‘rnatildi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq MMA jangchisi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada politsiya xodimlarini urib, qochib ketgani haqida xabar berilgan edi.