Bugungi Orolbo‘yi haqida u aynan ikki so‘zni aytadi — UMID BOR, qurib qolgan Orol dengizi tubi haqida so‘zlaganda esa qimmatbaho topilmalar va kashfiyotlarga to‘la olamga sho‘ng‘iydi. BMTTD O‘zbekiston axborot xizmati «Gazeta.uz»ga tuproqshunos, biologiya fanlari doktori Galina Stulina bilan Orolbo‘yi, u yerga amalga oshirilayotgan ekspeditsiyalar va boshqalar haqidagi intervyuni taqdim etdi.

Orolbo‘yi haqida


— Orolbo‘yi, aslida, bu — Orol dengiziga yondosh bo‘lgan barcha hududlar. Havza ko‘lamida esa — Orol dengizining butun havzasidir. Lekin hozirgi vaziyatda biz faqat aholi joylashgan, madaniylashgan shaharlar, ovullari bor bo‘lgan yaqin Orolbo‘yini nazarda tutamiz. Uning farovonligi, birinchi navbatda, suv bilan ta’minlanganlikka bog‘liq. Bu esa yilning qanchalik suvli bo‘lishiga bog‘liqdir. Umuman olganda esa, daryo yuqorisidan suvni olishga bog‘liq.

Lekin Orolbo‘yi noyob tabiiy tuzilma, yangi cho‘l bo‘lmish dengizning qurigan tubi kabi havfli qo‘shni borligini yodda tutish lozim. Cho‘l ekan, bu esa cho‘llanish demakdir. Qurg‘oqchilikning ta’siri anchagina katta. Shimoli-sharqiy shamol Mo‘ynoqni bosayotgan chang, tuz va qumni keltiradi. Orol tuzini Arktikada ham topishgani haqidagi xabarlar bor.

Hozirgi ekspeditsiyangizning tashkil etilishi tarixini bilishni istardik: qachon birinchi marotaba Orolga keldingiz, o‘shanda ko‘z oldingizda qanday manzara namoyon bo‘lgandi?

Orolga birinchi marotaba 1995 yilda isroillik mutaxassislar bilan kelgandim. O‘shanda yulg‘unni daraxt deb tanlash g‘oyasi bor edi, lekin biz uning buta ekanligiga tadqiq etgandik. Bunday daraxt Isroilda o‘sadi va u juda ham qimmat yog‘och hisoblanadi. Men Amudaryo yoqalab Nukus-Mo‘ynoq yo‘lidagi safarimizni hozirgacha eslayman, Mo‘ynoqning o‘zini eslab turaman, u ham o‘chmas taassurot qoldirdi. Menga bu yo‘lning nihoyasi, aytish mumkinki, dunyoning oxiridek tuyulgandi. Ammo o‘shanda dengizgacha yetib borolmadim.

Ikkinchi marotaba 2005 yilda Germaniyaning texnik hamkorlik bo‘yicha agentligi tomonidan tashkil etilgan ekspeditsiya bilan bordim. Vazifamiz 30 ming gektar dengizning qurigan tubi hududida ekilgan saksovul ko‘chatlarini baholashdan iborat edi. Ta’kidlash joizki, bizning o‘rmonchilarimiz uchun namuna sifatida bo‘lib qolgan bu ko‘chatlar hozirgacha yaxshi saqlanib qolgan. Biz deyarli yuz foizli unib-o‘sib chiqishni va ko‘chatlar holati juda ham yaxshi ekanligiga guvoh bo‘ldik. O‘shanda ekspeditsiya Akpetkadan boshlandi. Akpetka — bu sobiq ko‘llar tizimi, qurigan dengiz tubining sharqiy qismi. Judayam qiziqarli hudud. U yerda orollar va, afsuski, qurib borayotgan ko‘llar bor. Keyin esa biz Mo‘ynoqning Jiltirbas ko‘rfaziga qo‘shni bo‘lgan qismini o‘rgandik. Ya’ni tubning butun hududini qamrab oldik.

Ekspeditsiyani boshqarish qiyinmi?

Ekspeditsiyalarda men doimo yolg‘iz ayol edim, aytish lozimki, ekspeditsiya qaysidir ma’noda bir oiladir. Agar u oila, do‘stlik, jamoa bo‘lmasa ishlash juda ham qiyin. Barcha bir-biriga yordam berar, qo‘llab-quvvatlardi, shuning uchun ham jamoani boshqarish menga unchalik qiyin bo‘lmadi.


Oxirgi ekspeditsiyalar BMTTDning madadi bilan amalga oshirildi. Ish juda ham yaxshi tashkil etilgandi va monitoringni o‘tkazishimiz yengil bo‘ldi. Mutaxassislarimizdan tashqari biz bilan oldinlari ekspeditsiyalarda ishlamagan ekspertlar ham jalb etildi. Biz deyarli besh ming kilometr masofani bosib o‘tishga va yo‘nalishimizdagi ikki mingdan ortiq nuqtani ta’riflashga muvaffaq bo‘ldik.


BMT Bosh Assambleyasining 75- sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilishni taklif etdi. Tashabbus global miqyosda qo‘llab-quvvatlandi va joriy yilning may oyida BMT Bosh Assambleyasida bir ovozdan tegishli rezolyutsiyani ma’qulladilar. Shu bilan birga, qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun ekologik falokat hududining hozirgi ahvoli, u yerda yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish kerak. Shu munosabat bilan, BMTTD BMTning O‘zbekistondagi Orolbo‘yi hududi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘psheriklik trast fondi moliyalashtirayotgan YUNESKO bilan birgalikdagi «Barqaror qishloq hududlari rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash orqali Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligining dolzarb muammolarini hal qilish» Qo‘shma dasturi doirasida 2019 yilning kuzida va 2020 yilning bahorida Markaziy Osiyoning davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi Ilmiy-axborot markazining ikkita ekspeditsiyasini qo‘lladi. Qurigan dengiz tubi holatini monitoring qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalqaro innovatsion markaz vakillari hamda ekologiya, tuproqshunoslik, gidrogeologiya, dendrologiya, botanika sohasidagi va GIS mutaxassislari jalb etildi. Tadqiq qilingan hudud Chinkdan Akpetkaning orol tizimigacha va suv kesmasidan to dengizning tarixiy belgisigacha bo‘lgan 1,2 million gektarni qamrab oldi.


Ekspeditsiyani tashkil qilish uzun jarayon, barcha narsani obdon o‘ylab chiqish lozim. Chunki hudud katta, shuning uchun bir necha to‘xtash joylarini o‘rnatishga majbur bo‘ldik. Mo‘ynoq qismida bizda ularning to‘rtta yoki beshtasi bor edi. Oziq-ovqat masalasini o‘zimiz hal qilardik, ammo bu gal 14 nafardan iborat bo‘lgan katta guruh edik va o‘zimiz bilan oshpazni olib ketishga to‘g‘ri keldi. Har kuni erta bilan biz mashinalarga o‘tirardik, oldindan rejalashtirilgan yo‘nalishda ketardik. Aytgancha, yo‘nalishlarni belgilashda kosmik fotosuratlardan foydalaniladi. Ular qayta ishlanadi, nazorat qilinmaydigan tavsiflash o‘tkaziladi va yuza bo‘yicha yo‘nalishlar shunday tanlanadiki, ular tuproq osti suvlari darajasini, o‘tqazilgan daraxtlar, ya’ni o‘rganishimiz uchun qiziqarli bo‘lgan barcha obyektlar va hududlarni qamrab olishi lozim bo‘ladi.


Mana shunda eng qiziqarlisi boshlandi. Har birimiz atrofimizdagi hududni, o‘simliklar, landshaft, tuproq qoplamalari o‘zgarishini diqqat bilan o‘rgandik. Biron bir qiziqarli narsa ko‘rib qolsak, mashinalarimiz to‘xtardi va birinchi bo‘lib maydonni tadqiq qilish uchun GISchilar chiqishardi. Ularning vazifasi nuqtani, koordinatalarni aniqlash, to‘rt tomonni suratga olish va men yirmochni qayta ishlashimni kutishdan iborat edi. Odatda yirmoch 2,5 metr chuqurlikda bo‘lardi, lekin bizning holatda bunday chuqurlikda yerosti suvlari o‘tardi, shuning uchun bizning yirmoch, odatda, 1,5−1,8 metr chuqurlikda bo‘lardi. Pichoq bilan qurollangach, o‘rnatilgan yirmochdagi zinapoyalardan pastga tushardim va tushayotgan chog‘imda tuproqning genetik gorizontlarini ajratib o‘tardim. Zarar yetkazmasdan va boshqalari bilan aralashtirib yubormaslik uchun tubdan namunalar olardim. Ikkita ekspeditsiyada bunday yirmochlar 56ta edi. Buning uchun ko‘p vaqt ketardi. Bu orada ekspeditsiyaning boshqa ishtirokchilari (geobotaniklar, gidrogeologlar, dendrologlar) tadqiqot uchun o‘z uskunalarini ro‘yxatdan o‘tkazdilar. Boshqa nuqtalarni biz boshqa mutaxassislar bilan o‘rgandik, men faqat yuzaning tashqi ko‘rinishini belgilardim. Har bir yo‘nalishni u nuqtadan bu nuqtagacha batafsil tavsiflardik. Kechki payt bu axborot yig‘ilar va bitta umumiy jadvalda qayd etilardi.


Hudud katta — ikkita ekspeditsiya mobaynida 1200 kilometr yo‘l bosib o‘tildi, umumiy bosib o‘tilgan yo‘l besh ming kilometrga yaqinni tashkil etdi. Ammo judayam qiziqarli edi. Masalan, dendrologlarni o‘simliklar holatiga nazar solish, saksovul qanchalik yaxshi o‘sayotgani qiziqtirar edi. Biz saksovul kasalligini, ba’zi joylarda chigirtka va boshqalarni sezib qoldik. Geobotaniklar dorivor o‘simliklarni topishdi. Har bir mutaxassis o‘z ixtisosi bo‘yicha qandaydir muhim narsalarni aniqlardi, keyinchalik bularning barchasi bir joyga to‘planar va biz bu yerdagi bor narsalarning umumiy tasavvurini olardik.

Kuzgi ekspeditsiya davrida anchagina sovuq edi. Boshqa tomondan, koronavirus bo‘yicha pandemiya tufayli bahorgi ekspeditsiya kechiktirilgan va yozda, iyun oyida o‘tkazilgandi, ya’ni anchagina jazirama edi, ekspeditsiya anchagina qiyinchiliklar bilan o‘tdi. Barhanlar juda ham ko‘p, qum juda ham ko‘p. Shunga qaramasdan ishlarimiz natijasi ko‘ngildagidek bo‘ldi.


Galina Stulina qayd etganidek, 2005 yildan to 2011 yilgacha Markaziy Osiyoning davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining Ilmiy-axborot markazi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda majmuaviy ekspeditsiyalar o‘tkazdi, shu jumladan, kosmik fotosuratlar tadqiqotlaridan foydalangan holda tuproq, gidrogeologik va geobotanik tadqiqotlar olib borildi. Bu galgi ekspeditsiyalar o‘sha vaqtdagi sun’iy yo‘ldosh suratlarini qayta tahlil qilish usullarini aniqlash, GISning mavzuli hududiy haritalarini tayyorlash, oxirgi 10 yil mobaynida landshaftlar tasnifi va xatar hududlaridagi o‘zgarishlarni taqqoslash imkonini berdi. Olingan ma’lumotlar qurigan tubdagi tabiiy landshaftlarni shakllanishi bo‘yicha jarayonlarni o‘rganishdek noyob imkoniyatni olimlarga taqdim etadi. Batafsil axborot va ekspeditsiyalar ishi bo‘yicha xulosalar 2021 yilda rus va ingliz tillarida chop etilgan «2019−2020 yillarda qurigan dengiz tubi monitoringi» nomli kitobda keltirilgan.

Biroq biz hali 1,5 million gektarni qamrab ololmadik. Hozirgi vazifamiz — mablag‘ topish, ishni yakunlash. Shu bilan birga, geoaxborot tizimini yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Biz, shuningdek, o‘rmonchilar bilan keng ishlamoqdamiz, olingan natijalarni birgalikda qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilmoqdamiz, chunki dengizning qurigan tubidagi eng muhim ish — bu ko‘chatlarni ekish. O‘rmon xo‘jaliklari vakillari qayerda ko‘chat ekishni belgilashadi, biz esa hudud haqidagi axborotni taqdim etamiz.


Dengizning qurigan tubining geoaxborot tizimi Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha barcha kelgusi ishlarning ishonchli asosi bo‘ladi hamda o‘rmon xo‘jaliklari vakillari uchun har doim kerak bo‘ladigan vositaga aylanadi.

2020 yilda BMTTD Orol dengizining qurigan tubidagi 150 gektar hududda ko‘chatlar o‘tqazish va 49 gektar maydonda ko‘chatlarni yetishtirish bo‘yicha pitomniklarni yaratish uchun Qoraqalpog‘istondagi Taxtako‘pir davlat o‘rmon xo‘jaligining texnik va institutsional salohiyatini mustahkamlashga ko‘mak ko‘rsatdi. Dengiz tubini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlar mahalliy yerlar mustahkamligini yaxshilaydi va ularning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshiradi.

Orolbo‘yi hududidagi vaziyatni qanday qilib o‘zgartirish mumkin?

Dengizning qurigan tubi tuproqshunos nuqtai nazaridan noyob tabiiy tuzilmadir: unda bir vaqtni o‘zida nimaningdir yemirilishi yuz beradi va, aksincha, qandaydir yangi narsaning paydo bo‘lishini kuzatish mumkin. Bu yashash uchun kurashayotgan qandaydir «tirik tana"dir. To‘rt ming gektardan ko‘p bo‘lgan hududda o‘zini o‘zi tiklash jarayoni ro‘y bermoqda. Tuproq tarkibi ham doimo o‘zgarib boradi: dengiz bo‘yicha nam sho‘rxok yerda saksovul 10 yil o‘sganidan so‘ng cho‘l-qum tuprog‘i yuzaga keladi. Fan nuqtai nazaridan bu ham judayam qiziq, nafaqat amaliyot nuqtai nazaridan, balki, masalan, dengizning qurigan tubidan foydalanish yoki ekologik muvozanatni o‘rnatish uchun ham. Chunki shimoli-sharqiy shamol qum, tuz, changni Mo‘ynoqqa va undan uzoqroqqa yetkazadi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, hatto Arktikada ham Orol tuzini topishayotgan ekan. Qoraqalpog‘istonda mahalliy aholida ko‘p hollarda ko‘z, o‘pka kasalliklari uchrab turadi va shu bois, albatta, qumli tubni mustahkamlash uchun sharoit yaratish lozim.


Undan tashqari, suv rejimi umuman tartibga solinmagan. U yerda bir necha vetlandlarimiz, baliqchilar ko‘rfazi, Mo‘ynoq ko‘rfazi bor. Suv ko‘p keladigan yillarda suv havzalari to‘lib-toshadi va saksovul nobud bo‘lishi yuzaga keladi. Saksovul o‘rniga yulg‘un saqlanib qoladi. Kelgusi yili qurg‘oqchilik bo‘ladi, suv yo‘q, yulg‘un qurib qoladi, saksovul ham bo‘lmaydi. Dengizning qurigan tubida suv resurslarining aniq boshqaruvini yo‘lga quyish kerak, aks holda bu suv foyda keltirmaydi, u, aksincha, salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xuddi shu hol neftchilar va gazchilarda ham uchraydi: suv ularga halaqit beradi, suvni quduqdan chetlashtirishadi va uni kerak bo‘lmagan tomonga yo‘naltirishadi. Bunday disbalans suv rejimini buzadi. Bu yerda ko‘plab savollar bor, ularni hal qilish kerak, ularning barchasi bir-biriga bog‘liq. Shuning uchun biz Akpetkaga ekspeditsiyaga katta umid qilmoqdamiz.

Agarda tavsiyalaringizga quloq solinsa, Orol dengizining istiqboli qanday bo‘ladi?


Orolbo‘yi haqida ikkita so‘z aytishim mumkin: «Umid bor». Mana shu ikkita so‘z hozirgi kunda Orolbo‘yiga taalluqlidir. Chunki hozirgacha bo‘lgan Orolbo‘yi, bu — umuman boshqa Orolbo‘yidir. Albatta, Prezidentga katta tashakkurlar bildirish lozim. U Orolbo‘yini innovatsiyalar zonasiga aylantirish haqida birinchi marotaba qaror qabul qildi va buni amalga oshirdi. BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi tashkil etildi, hozirda bu yo‘nalishda katta ishlar bajarilmoqda. Shuning uchun ham aniq umid bor. Olib borilayotgan ishlar davom ettirilishi uchun doimiylik bo‘lishini xohlardim. Ayni damda u yerda boshlangan ishlar kelajak uchun asos bo‘lmog‘i kerak va qandaydir barqarorlik bo‘lmog‘i lozim. Mana shuning uchun ham umid bor.

Shu o‘rinda, tuproqshunos-agrokimyo mutaxassisi kabi anchagina noyob kasbni tanlashingizga nima ta’sir qildi? Kim sizni unga qiziqtirdi, qo‘llab-quvvatladi?

— Ota-onam qishloq xo‘jaligi institutining o‘rmon xo‘jaligi fakultetini tugatishgan. Urush vaqtida onam Rossiyadan keldi va butun umr So‘qoqdagi tog‘larda ishladi. U o‘rmon melioratori, O‘zbekistonda birinchi lalmi bog‘ni barpo qilgan. Otam Qishloq xo‘jaligi vazirligida ishlardi, tez-tez ekspeditsiya va ish safarlariga borib turardi. Men bunday hayotga ko‘nikib qolgandim. O‘zim Toshkentdagi matematikaga ixtisoslashtirilgan 18-maktabni tugatdim, keyin o‘sha vaqtda mashhur bo‘lgan fizika fakultetiga o‘qishga kirdim. U yerda o‘qish menga yoqmadi, shuning uchun yarim yildan keyin, aynan zilzila bo‘lgan yili tuproqshunoslik institutida, anchagina taniqli tuproqshunos-erozionist Viniamin Borisovich Gusak laboratoriyasida ishlay boshladim. Yana yarim yildan so‘ng M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetiga o‘qishga kirish uchun Moskvaga yo‘l oldim. Tuproqshunoslik fakulteti, tuproq fizikasi va melioratsiyasi kafedrasini tugatib, Toshkentga qaytib keldim. Keyin aspirantura, MDUda dissertatsiyani yoqladim. Faoliyatim suv, tuproq, modellashtirish bilan bog‘liq. «Postdok» granti bo‘yicha Portugaliyaning Lissabon shahrida ilmiy ishimni tayyorladim. Suv iste’moli va iqlimning suv iste’moliga ta’siri masalalarini birga o‘rgangan hamkasbim aytganidek, men «o‘zini ilm olishga bag‘ishlagan mashina» ekanman. Men bu yo‘nalishda judayam ko‘p ishladim, lekin muhabbatim — bu Orol!

O‘z tajribangizga asoslangan holda ilm olamiga kirish uchun yo‘l olishni boshlashni istayotgan qizlar, ayollarga nimalarni tavsiya qilardingiz?

Bitiruvchilarimning hammasi ham bu kasbda qolmaganlarini bilaman, lekin men o‘z kasbimni sevaman. Bu — mening ishim. Qaysi ishni olmang, hammasi tuproqshunoslikka borib taqaladi. Ekspeditsiyaga borgan vaqtlarimda men hamma narsani unutaman. To‘liq ishimga sho‘ng‘ib ketaman. Ishimdan boshqa hech narsani sezmayman. Borlig‘im bilan unga kirishib ketaman. Mening ko‘rish xotiram juda yaxshi. Masalan, borgan joylarimdagi qurigan yerlarning barchasini to‘liq tasavvur qila olaman. Men yirmochga tushganimda u yerda qandaydir tirik narsalarni ko‘rgandek bo‘laman, ya’ni men uni his qilaman. Shuning uchun fan bilan qanday shug‘ullanish mumkinligi haqidagi savolga faqat bir necha maslahat berishim mumkin, chunki har kim fanga turlicha kiradi. Ko‘p narsa mutaxassislikka bog‘liq. Mening mutaxassisligim, masalan, barcha joyda kerak bo‘ladi — bu boshqa ish. Agarda inson o‘z joyida ishlasa, hech qayerga ketib qolmasa, bu umuman boshqa. Men shunday qila oldim va menikidek mutaxassislikka ega bo‘lganlarga ularni qo‘llaydigan ishonchli tirgak bo‘lishi kerak. Agarda hayotda seni hech kim qo‘llamasa, menimcha, o‘z ishiga kirishib ketishingning umuman imkoni bo‘lmaydi. Ayol bolalari uchun, oilasi uchun xotirjam bo‘lishi kerak. U bolani qandaydir maydonlarga yetaklab borishi kerak emas. U faqat o‘z ishi haqida o‘ylashi, ishidan rohatlanishi kerak.


Istalgan odamga fanda yana nima kerak? Jahd kerak. Ishda yonish kerak. Ayollar uchun esa, menimcha, eng muhim tavsiya quyidagicha — intilish. Ayol har bir holatda, har bir kasbda, ayniqsa fanda intilishi zarur. U o‘ziga ishonishi lozim, u olima, shaxs ekanligini bilishi lozim va uni hurmat qilishlari kerak. Marra, bu — nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasini yoqlash emas, bu jamiyat va ijtimoiy mavqe talab qiluvchi ikkilamchi, marra yanada ko‘proq ijod qilishdadir.

Fan bilan shug‘ullanish, bu — boshingda g‘oyalar va ishchi gipotezalar shakllana boshlasa, ularni albatta tekshirishing lozim, aks holda halovat bo‘lmaydi. Hayotingdagi oila, farzandlar hursandchilik keltiradi, lekin faqat o‘zingga, miyangga, fikringga tegishli bo‘lgan narsalar ham bor. Ayol uchun hayotda hamma narsaga erishish uchun fanni o‘rganish yaxshi tashkil etilmog‘i kerak.

Ha, bu oson emas. Lekin uni amalga oshirishni bilish lozim. Buni o‘zimdan bilaman. Shuning uchun mustahkam tirgak va oilada o‘zaro tushunish bo‘lmog‘i lozim. Hamda qiziqish, hayotdagi barcha narsalarga qiziqish, zavq olishni bilish. Bu qiziqish esa atrofingdagilarga ham yuqadigan bo‘lishi kerak.


Fan tomon yo‘l, fan bilan shug‘ullanishni boshlash, bu, albatta, ta’lim. Ta’limi yo‘q fan bilan shug‘ullana olmaydi. Yana faoliyatni muvaffaqiyat bilan tanlash, uni qidirishdan qo‘rqmaslik, noto‘g‘ri yo‘ldan voz kechishdan cho‘chimaslik va yoki boshqa ish, ko‘ngildagisini topish. Yaxshi ko‘rilmagan ish bilan fanda muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi.

Muallif haqida. Stulina Galina Vladislavovna, tuproqshunos, biologiya fanlari doktori, ko‘plab hududiy va xalqaro loyihalar ishtirokchisi, Orol dengizining qurigan tubida o‘tkazilgan kamida o‘nta ekspeditsiya rahbari, ularni oxirgisi O‘zbekistondagi BMT taraqqiyot Dasturining madadi bilan amalga oshirildi. U o‘z faoliyati davomida BMT Taraqqiyot Dasturi qizlar va yigitlar uchun teng ta’lim olishni ta’minlash, ayollar va yoshlarga fanda qulay sharoitlarni yaratish uchun O‘zbekistonda gender tengligi asoslari va tamoyillarini ilgari surishda ko‘mak berib kelmoqda.