O‘zbekistonda Sovet Ittifoqi davridagi uran konlari faoliyati natijasida 4 mln tonna radioaktiv chiqindilar to‘planib qolgan. Bu haqda Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilingan.

Unda aytilishicha, radioaktiv chiqindilar muammosi nafaqat O‘zbekistonda, balki, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham mavjud.

Xususan, Qozog‘istonda 240 million tonna, Qirg‘izistonda 132 million tonna, Tojikistonda 42 million tonna, O‘zbekistonda esa 4 million tonna radioaktiv chiqindi bor.

Ma’lum qilinishicha, ushbu chiqindilar joylashgan hududlarda ekologik sog‘lomlashtirish ishlari uchun Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki, Yevropa Ittifoqi va bir qator davlatlarning homiyligi yordamida 2 mln yevro miqdorida birinchi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Shuningdek, departament 2021 yilda o‘z zimmasidagi bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobot bergan. Dupartament tomonidan jami 32 ta tekshiruv va 189 ta nazorat-profilaktika ishlari o‘tkazilgan va uning natijasida 1920 ta kamchilik aniqlangan. Nazoratosti obyektlarida tekshiruvlar doirasida radiatsiya va yadro xavfsizligi talablarini buzganligi uchun 41 ta xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu orqali respublika budjetiga 21 mln so‘m miqdorda jarima undirilgan.

Bundan tashqari, ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan ishlash sohasida Qo‘mitaga tushgan arizalar asosida faoliyat yuritish huquqini beruvchi 26 ta litsenziya va 142 ta ruxsatnoma rasmiylashtirilgan.