1 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan edi.

Idora matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, delegatsiya karantin cheklovlari sharoitida Umra safarini tashkil qilish bo‘yicha podshohlik muassasalari bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Ma’lum qilinishicha, yaqin fursatlarda «COVID-19» pandemiyasi boshlanishidan avval Umra safari uchun pul to‘lab, navbatda turganlar va boshqa fuqarolar uchun ziyorat qilish imkoniyatlari yaratiladi.

Ruxsat etilishi kutilayotgan ziyorat uchun karantin tartiblari qanday bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, ziyoratchilarni mehmonxonalar xonalariga, avtobuslarda o‘rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa saqlanishi hisobiga tashrif buyuruvchilar soni 50 foizgacha qisqartiriladi.

Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o‘rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarga rioya etish unchalik katta bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha mablag‘larni talab etishi mumkin.

Umra ziyoratlari muddatlari, qo‘shimcha to‘lov miqdori, vaksinatsiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar tez orada ma’lum qilinadi, deyiladi xabarda.