Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni ma’qullandi, deya xabar berdi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Ushbu qonun bilan bilan 2022 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining prognozlari hamda 2023 — 2024 yillar uchun budjet mo‘ljallari belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, qonunda soliq siyosatiga muhim o‘zgarishlar kiritilgan. Bunda Yalpi ichki mahsulotda (YAIM) salmoqli ulushga ega ishlab chiqarish sohalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish nazarda tutilgan.

2022 yilda mamlakat YAIM o‘sish sur’atlari 6 foizni, shu jumladan, sanoatda 7 foizni, qurilish sohasida 8,1 foizni, qishloq xo‘jaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori 2022 yil uchun YAIMning 3 foizi miqdorida belgilanmoqda. Inflyatsiya darajasining pasayishi tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda u 9 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

2022 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 254,6 trln so‘m yoki YAIMning 30,3 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Davlat budjeti daromadlari 199,5 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 23,8 foizi miqdorida bo‘lishi.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 31,9 trln so‘m, xarajatlari esa 58,7 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat budjetidan ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim sohasi xarajatlariga — 46,9 trln so‘m (2021 yilda 34,6 trln so‘m), sog‘liqni saqlash xarajatlariga — 22,8 trln so‘m (19,6 trln so‘m),madaniyat va sport sohasi xarajatlariga — 3,4 trln so‘m (2,6 trln so‘m) va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun — 1,5 trln so‘m (1,2 trln so‘m) yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, tumanlar (shaharlar) budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi. Jumladan, «Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi»ga 1 trln 553 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat budjeti xarajatlarini bir yil ichida uchinchi marta oshirish ma’qullangani haqida xabar berilgandi.