12 dekabr kuni Qoraqalpog‘istondagi «Tasbergen» kran atrofida noma’lum shaxslar «Qizil» kitobga qiritilgan jayron va yovvoyi quyonlarni ovlagan. Bu Ekologiya qo‘mitasining Nukus shahar, Taxiatosh, Taxtako‘pir tumani inspektorlari hamkorlikda Taxtako‘pir tumanida o‘tkazgan tezkor reyd tadbirlarida aniqlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tahminan soat 14:00 larda Taxtako‘pir tumani «Qoniratkol» OFY cho‘l zonasining «Tasbergen» kran atrofida noma’lum shaxslar «Uaz 469» rusumli rangi kulrang avtomashina bilan turgan.

Reyd tadbiri o‘tkazayotgan inspektorlar ularni ko‘rib qolgan. Noma’lum shaxslar inspektorlarning yaqinlashayotganligini sezib, voqea joyidan yashiringan. Xodimlar 5 km masofagacha ularning izidan borgan. No’malum shaxslar davlat inspektorlaridan yashirinishga erishgan.

Cho‘l zonadagi ular turgan joy ko‘zdan kechirilganda voqea joyidan no’malum shaxslarga tegishli otilgan patron gilzasi, idish-tovoq, pichoq, bolta, yoqilg‘i, qiyim-boshlar topilgan. Bundan tashqari, «Qizil» kitobga qiritilgan 14 dona jayron va 5 dona yovvoyi quyon tashlab ketilgani aniqlangan.

Davlat inspektorlari holat bo‘yicha tegishli tartibda dalolatnoma tuzib, voqea joyini video tasvirga olgan.

Holat haqida Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi tomonidan Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga xabar qilingan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida voqea joyidan qochib ketgan no’malum shaxslar Qorao‘zak tumanida yashovchi M.M va U.X hamda Taxtako‘pir tumanida yashovchi B.A, N.Q. lar ekanligi aniqlangan.

Fuqarolar M.M va U.X hamda B.A, N.Q. lar Vazirlar Mahkamasining 290-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablarini buzgan deb topilgan. Buning natijasida O‘zbekiston hayvonot dunyosiga 190 mln 350 ming so‘mlik juda ko‘p miqdordagi moddiy zarar yetkazgan.

Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi «ye», «j» bandlari (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvonot yoki o‘simlik dunyosi turlarini nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.