BMT qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi (UNHCR) 15 dekabr kuni Termizdan Afg‘onistonga gumanitar yordam yuklangan yuk mashinalarini jo‘natdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Gumanitar yordam yuklari joriy yilning oktabr-noyabr oylarida havo va quruqlik orqali Termizga yetkazilib, «Termez Cargo Centre» terminalida saqlanayotgan edi.

Insonparvarlik yordami UNHCR’ning Surxondaryo viloyatidagi O‘zbekiston hukumati ko‘magida tashkil etilgan gumanitar markazdan yuklanib, qo‘shni davlatga yuborildi.

Zamonaviy terminal O‘zbekiston — Afg‘oniston chegarasidan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bu yerda yuklarni saqlash va qo‘shni mamlakatga jo‘natish uchun yetarli sharoit yaratilgan.

Afg‘onistonga yuborilgan dastlabki qirq tonnaga yaqin gumanitar yuk oshxona anjomlari, plastmassa qoplama va boshqa zarur hayotiy narsalardan iborat. Avvalroq, oktabr oyida Termizga 3 ta samolyotda 100 tonnaga yaqin gumanitar yuk yetkazilgani xabar qilingan edi.

«Biz O‘zbekiston hukumati va Termizdagi mahalliy hamkorlar tomonidan UNHCR’ga eng zarur bo‘lgan vaqtda tezkor insonparvarlik yordamini ko‘rsatish imkoniyatini taqdim etishdagi ko‘magini qadrlaymiz. Hozir millionlab afg‘onlar oziq-ovqat ta’minotidan mahrum bo‘lib, qattiq qishga qarshi o‘ta himoyasiz bo‘lgani sababli odamlarning hayotini saqlab qolish va gumanitar inqirozning oldini olish uchun shoshilinch yordam zarur», — dedi agentlikning katta maslahatchisi Frenk Remus.

Termizdagi UNHCR markazidan asosiy ehtiyojlar zaxiralarini saqlashdan tashqari, agentlikning Afg‘oniston, Eron va Markaziy Osiyodagi operatsiyalariga yordam berish uchun gumanitar yuklarni birlashtirish va o‘tkazish punkti sifatida ham foydalaniladi.

Shunga ko‘ra, agentlikning Afg‘onistondagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish amaliyoti davomida Termiz orqali muntazam ravishda insonparvarlik yuklari jo‘natiladi, deyiladi agentlik xabarida.