O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2021 yil 15 dekabrdagi 10-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2021−2022 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriati va magistraturasiga to‘lov-kontrakt, shu jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklangan talabalar o‘qishi uchun to‘lov haqini o‘tkazish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 2021 yilning 31 dekabri etib belgilandi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi 2021 yilning 15 noyabriga qadar to‘liq emlangan (vaksina olgan), lekin emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatni belgilangan muddatdan kechikib oliy ta’lim muassasasiga taqdim etgan abituriyentlar va talabalarga to‘lov-kontrakt summasini to‘lashda bir martalik 10 foizli chegirmani qo‘llashga ruxsat berildi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin oliy ta’lim muassasalarida 2021−2022-o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari e’lon qilingandi.