Ijtimoiy tarmoqlarda Chirokchi tumani Xo‘ja Abdujabbor qishlog‘ida yer astalik bilan cho‘g‘ bo‘lib yonayotgani va olov yer tagidan chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ushbu holat yuzasidan dastlabki o‘rganish natijalarini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, qishloq hududidagi yerdan chiqayotgan tutun Chiroqchi tuman nazorat isnpeksiyasi inspektorlari, tuman favqulotda vaziyatlar bo‘limi, Hududgaz ta’minot tuman filiali xodimlari tomonidan o‘rganilgan.

O‘rganish jarayonida taxminan 0,10 ga yer maydon avval yonib o‘chganligi va hozirda kunda taxminan 0,01 ga yer maydoni ustidan tutun chiqib, atrofga badbo‘y hid tarqalayotganligi kuzatilgan.

«O‘rganish davomida ushbu qishloqda yashovchi oqsoqollar bu joy taxminan 50−70 yillar oldin chuqurlik bo‘lib, qamishzor bo‘lganligi va yillar o‘tib qamishlar ustiga tuproq yopilib ketganligi ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Holat bo‘yicha geologiya sohasi mutaxassislarining o‘rganish o‘tkazib xulosalari taqdim qilingunga qadar, «yer ostidagi qolib ketgan qamishlar qizishi va chirishi» natijasida ushbu holat yuzaga kelganligi bo‘yicha dastlabki xulosaga kelingan.

Viloyat ekologiya boshqarma o‘rganish yakunlari bo‘yicha batafsil ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.