Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda «O‘zbekistonning 2021 yilgi davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilishini ma’qulladi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Haydarov prezident va hukumatning ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, eksportni rag‘batlantirish hamda boshqa «muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari doirasida davlat budjeti xarajatlarini yana 2,2 trln so‘mga oshirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Jumladan:

  • «Tashabbusli budjet» doirasida tuman va shaharlarda fuqarolarning tashabbuslarini moliyalashtirishga — 117 mlrd so‘m;
  • • davlatga g‘alla sotuvchi fermer va g‘allachilik klasterlariga har bir tonna uchun 350 ming so‘mdan — jami 800 mlrd so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi;
  • • Mo‘ynoq tumanidagi 5 kishigacha a’zosi bo‘lgan har bir oilaga 5 million so‘mdan bir martalik yordam hamda Qoraqalpog‘istondagi 21 ta ijtimoiy-iqtisodiy muammoli mahallani obodonlashtirishga 67 mlrd so‘m;
  • • Surxondaryo viloyati aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi uchun (To‘palang suv omboridan magistral suv quvurini qurish, loyiha To’palang HPD Platinum kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda) 200 mlrd so‘m, Rossiyadan quvurlar sotib olish uchun Tiklanish jamg‘armasi hisobidan 327 mlrd so‘m — jami 527 mlrd so‘m. Axadbek Haydarovning aniqlik kiritishicha, pul quvurlar narxi oshishidan oldin sotib olish uchun ajratilmoqda;
  • • ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash uchun Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlariga 100 mlrd so‘mdan (jami 300 mlrd so‘m), shuningdek, Toshkent shahriga 200 mlrd so‘m — jami 500 mlrd so‘m;
  • • davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkalari uchun kompensatsiya to‘lash uchun — 50 mlrd so‘m. Yil boshida bu maqsadlar uchun 150 mlrd so‘m, keyinroq yana 123 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Moliya vaziri o‘rinbosari hududlarda aholi va ishbilarmonlardan buzilishlar bo‘yicha to‘lanmagan qarzlar qolayotganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlari 2,5 trln so‘mga oshirilmoqda. Shundan 1,1 trln so‘mi prezidentning 2 dekabrdagi qarori (PQ-5275) ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan. Mazkur hujjat bilan Moliya vazirligiga Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun 5 yil muddatga milliy valyutada 100 mln dollar ekvivalentidagi mablag‘larni foizsiz asosda ajratish topshirildi.

Moliya vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha xarajatlarning bir qismini boshqa budjet xarajatlarini qisqartirish hisobiga qoplash rejalashtirilmoqda, biroq u qaysi biri ekanligiga aniqlik kiritmadi.

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov hukumat qonun loyihasini kech kiritganini, shu bois parlament quyi palatasida hujjatni o‘rganish va muhokama qilish uchun vaqt kam bo‘lganini ta’kidladi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi, biroq budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi istisno tariqasida qonunni hujjatning har bir bandini muhokama qilmasdan, birdaniga ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilishni taklif qildi. Shuningdek, 15 dekabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Senatning yalpi majlisida ham mazkur qonun ko‘rib chiqilishi inobatga olindi. Partiya vakillari qonun loyihasi o‘z fraksiyalarida muhokama qilib bo‘linganini ta’kidlab, ushbu taklifga rozi bo‘ldilar.

Deputatlar deyarli bir ovozdan qonunni ma’qulladilar (117 nafari yoqladi, 2 nafari betaraf qoldi).

Qonun loyihasi bo‘yicha deputatlardan faqat Rasul Kusherbayev savol berdi. Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘ fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan mulklari uchun qarzdorlikni qoplashga yetadimi, deb so‘radi. Vazir o‘rinbosari bu miqdor joriy yil uchun yetarli ekanligini aytdi. 2022 yilda mazkur maqsadlar uchun 500 milliard so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston davlat budjeti xarajatlari bir yilda uchinchi marta oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni parlamentda 2021 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunга o‘zgartish va qo‘shimchalarni ko‘rib chiqilgach, vazirlik va idoralarga ajratiladigan mablag‘larning maksimal miqdorini avvaliga 13,1 trillion so‘mga (1,2 milliard dollar) — 135,8 trln so‘mdan 148,9 trillion so‘mgacha, 6 noyabrda esa 11,69 trillion so‘mga (Markaziy bankning 10 noyabrdagi kursi bo‘yicha 1,09 milliard dollar) yoki 148,9 trillion so‘mdan 160,6 trillion so‘mgacha oshirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi