Toshkent viloyatida hududdagi «daftar» larda turgan 38 mingdan ortiq yoshlarga 15 ta tumandan jami 5531 gektar yer maydoni ajratiladi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.

Yoshlarga boniteti ya’ni, tuproqning unumdorlik o‘rtacha 60 balldan kam bo‘lmagan yerlar beriladi. Bu orqali yoshlarni band qilish, o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish hamda oziq-ovqat xavfsizligini barqarorlashtirish maqsad qilingan, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bu prezidentning 23 noyabrdagi tegishli qarori asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatga asosan respulika bo‘yicha paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar yer dehqonchilik uchun ajratilishi belgilangandi.

Bunda elektron tanlov orqali 1 gektargacha bo‘lgan yer maydonlari ijaraga berilishi, qolaversa, fermer va dehqonlar 100 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ham olishi mumkinligi qayd etilgandi.