14 dekabr kuni «O‘zbekiston pochtasi» AJ rebrending taqdimotini o‘tkazdi va yangi pochta tizimida mijozlarni nima kutayotganligi haqida gapirib berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Yangi imkoniyatlar kuchi» shiori ostidagi rebrending natijasida brendning yangi nomi — Uzpost, yangi logotipi, yangi ranglari va yangi logistika tizimi ishlab chiqilgan.

«Internet tarmog‘i rivojlanishi va butun dunyoda pochtaning an’anaviy xizmatlariga talab pasayishi bilan dunyoda pochta operatorlarining daromadlari pasayishi kuzatilmoqda. Ba’zi mamlakatlarda pochta xizmati daromad yetishmovchiligini davlat subsidiyalari bilan hal qilsa, boshqa operatorlar yangi muqobil daromad manbalarini topish maqsadida transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirishmoqda», — dedi «O‘zbekiston pochtasi» AJ bosh direktori Alisher Fayzullayev taqdimot boshidagi kirish so‘zida.

Taqdimotda aytilishicha, kompaniya 4 ta asosiy yo‘nalishlar ustida ishlab, mahsulot va xizmatlarini takomillashtirgan.


Brendning yangi logotipi.

Kompaniya pochta tizimi logistikasi tizimini butunlay yangilab, pochta jo‘natmalarini rasmiylashtirish bosqichlari qisqartirilganligini ma’lum qildi. Yangi logistika tizimi 2021 yilning oxiriga qadar to‘liq ishga tushirilishi kutilmoqda.

«Jahon pochta ittifoqining yangi talablari va standartlarini eski dasturda amalga oshirish va boshqa tizimlar bilan integratsiya qilishning imkoni yo‘q edi. Eski tizimda har xil turdagi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ishlar asosan qo‘lda amalga oshirilgan: kvitansiya, order va hattoki hisob-kitob varaqalarini to‘ldirish ham. Bu inson omili sababli yo‘l qo‘yiladigan xatolar natijasida hisobotlarning ishonchliligiga shubha tug‘dirardi va ishni qiyinlashtirardi», — deydi kompaniyaning marketing bo‘limi boshlig‘i Muhammad Chorikulov.

Yangi tizimga ko‘ra, «O‘zbekiston pochtasi» mijozlari o‘z uylaridan chiqmasdan turib jo‘natmalarini veb sayt, mobil ilova yoki Telegram bot orqali rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi. Jo‘natmani onlayn rasmiylashtirgan mijoz o‘ziga yaqin pochta bo‘limiga murojaat qilib, ID kodni ko‘rsatadi. Pochta operatori mijoz tomonidan oldinroq kiritilgan ma’lumotlarni pochta tizimida ko‘radi va jo‘natmani qabul qiladi. Kompaniya vakillari bu tizim ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirishga yordam berishini qayd etishdi.

Bundan tashqari, yangi tizim ko‘p sonli jo‘natmalarni rasmiylashtirishni ham yengillashtirishi kutilmoqda. Katta miqdordagi pochta jo‘natmalarini yubormoqchi bo‘lgan mijozlar kerakli ma’lumotlarni bitta Excel faylga kiritib, uni pochta tizimiga yuklashlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, yangi logistika tizimi «O‘zbekiston pochtasi» mijozlariga onlayn tarzda o‘zlarining jo‘natmalarini kuzatib borish (tracking) imkoniyatini beradi. Mamlakat bo‘ylab mijozlar o‘z jo‘natmalarini o‘zlari qabul qilib olishlari mumkin bo‘lgan 30 ta pochtomatlar o‘rnatilgan.

«Ushbu o‘zgarish nafaqat pochta mijozlariga, balki kompaniyaning o‘ziga ham yordam beradi. Chunki endi pochta jo‘natmalarning qaysi bosqichlarida eng uzoq uzilishlar kuzatilishi haqida ishonsli ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Ushbu ma’lumotlar asosida biz joylardagi muammolarni aniq hal qilishga muvaffaq bo‘lamiz», — deydi marketing bo‘limi boshlig‘i.

Foto: «O‘zbekiston pochtasi» AJ.

Rebrending jarayoni doirasida kompaniya shuningdek o‘zining «Unisavdo» nomidagi marketpleysini ham ishga tushirdi. 300 dan ortiq tadbirkorlar ushbu marketpleysda o‘z mahsulotlarini joylashtirish uchun shartnomalar imzolashgan. Hozirga kelib platformada 14 000 dan ortiq mahsulotlar joylashtirilgan va ular respublika bo‘ylab yetkazib berilayotganligi aytildi.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston pochtasi» AJ to‘lovlarni qabul qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishning yangi tizimi — «Avval» to‘lov tizimini ishga tushirdi. «Avval» to‘lov tizimi pochta tomonidan ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirish mumkin bo‘lgan yagona markazlashgan dastur hisoblanadi. Uning yordamida mijozlar 100 dan ortiq xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu tizim tufayli pochta operatorlarida joylarda mobil qurilmalari orqali to‘lovlarni qabul qilish imkoniyati ham paydo bo‘ldi.

Kompaniya avtoparkini yangilash uchun 27 ta Damas, 75 ta kichik Caddy, 4 ta katta ISUZU va 2 ta yuk ortuvchi Gazel avtotransportlarini hamda 417 ta elektroskuter va 200 ta velosipedlarni xarid qilgan. 15% pochta bo‘linmalari qayta ta’mirlangan, qolgan barcha bo‘linmalar ham bosqichma-bosqich ravishda ta’mirlanishi rejalashtirilgan.

Pochta bo‘linmalarining infratuzilmasini yangilash maqsadida yangi formatdagi va yangi dizayndagi pilot bo‘linmalar ochilgan, kelgusida ularning andozasi bo‘yicha mamlakat bo‘ylab barcha pochta bo‘linmalari yangilanadi.

Foto: «O‘zbekiston pochtasi» AJ.

2022 yilda «O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan Toshkent, Buxoro, Xorazm va Asaka shaharlarida omborxona vazifasini bajaruvchi 4 ta fulfilment markazlari ishga tushirilishi kutilmoqda. 2025 yilgacha mamlakat bo‘ylab avtomatlashtirilgan fulfilment markazlari soni 30 tagacha yetkazilishi reja qilingan. Ular elektron tijoratni rivojlantirishni ko‘zlagan bo‘lib, omborxona vazifasini bajaradi.

Bundan tashqari, kompaniyaning 900 dan ortiq pochta bo‘linmalarida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 34 taga yetkazilgan.