Sirdaryo viloyatida 20 gektar yer maydonini 70 ming dollarga sotmoqchi bo‘ldi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Sirdaryo viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bergan ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro J.D. otasi R. rahbarligidagi «M» fermer xo‘jaligiga qarashli 5 gektar yer maydoniga qo‘shib uning atrofidagi aslida egalik hujjati bo‘lmagan yana 15 gektar yerni fuqaro L.ga sotmoqchi bo‘lgan. Buning evaziga L.dan 70 000 AQSh dollari so‘ragan.

J.D. tanishlari orqali yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga oldindan 30 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28-moddasi (jinoyat sodir etilishiga rahbarlik qilish), 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.