Belarus sudi muxolifatchi Svetlana Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘iga 18 yil qamoq jazosi belgiladi

Gomel viloyat sudi sudyasi sud majlisida Svetlana Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i Sergey Tixanovskiyni bir qancha jinoiy ayblovlar, jumladan, ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda aybdor deb topdi, deya xabar berdi RIA Novosti.

«Sergeyga 18 yil qamoq jazosi yuqori darajadagi xavfsizlik rejimida belgilandi», — dedi mahkumning advokati Viktor Matskevich.

Matskevichning aytishicha, himoyachi belgilangan muddatda apellyatsiya beradi.


Fransiyada koronavirusning omikron shtammi bilan kasallanganlar soni 130 nafardan oshdi

Fransiya hukumati vakili Gabriyel Attalning ma’lum qilishicha, Fransiyada 130 dan ortiq kishida omikron koronavirus shtammi aniqlangan. Bu haqda RIA Novosti ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, bir hafta ichida koronavirus uchun 10 mingta test o‘tkazilgan.

«Dunyo bo‘ylab omikron shtammi haqida juda jiddiy xavotir bor, bu, ehtimol, delta variantidan ham yuqumli bo‘lishi mumkin», — dedi Fransiya vazirlar mahkamasi vakili.


Moskvada oxirgi 32 yillikdagi eng kuchli qor yog‘di

Moskvadagi Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi kompleksidagi bazaviy meteorologiya stansiyasida 9 mm, Balchugda 11 mm va Tushinoda 10 mm yog‘ingarchilik aniqlangan. Bu haqida Kommersant’ nashri xabar berdi.

«1989 yildan beri ushbu meteorologiya stansiyasida 13 dekabr kuni yoqqandek kuchli qor yog‘ishi kuzatilmagan edi, 32 yil oldin shu kuni meteorologlar 9,9 mm qayd etgan», — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, eng ko‘p qor yog‘ishi Yangi Moskva (Mixaylovskoye) va Dolgoprudniyda kuzatilgan — 12 mm. Odatda dekabr oyi uchun yog‘ingarchilik meyori — 56 mm.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva aeroportlarida 36 ta reys kechiktirilgan yoki bekor qilingan. Sheremetevoda 16 ta reys bekor qilingan, beshtasi kechiktirilgan. Domodedovoga 11 reys, Vnukovoga 4 ta reys kechiktirilgan.


Janubiy Sudanda 89 kishi noma’lum kasallikdan vafot etdi

Janubiy Sudan sharqida (Shimoli-Sharqiy Afrika) kamida 89 kishi noma’lum kasallikdan vafot etdi. Bu haqda BBC Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bayonotiga tayanib xabar berdi. Kasallikning epitsentri Jongley provinsiyasidagi Fangak shahri bo‘lgan. Hodisani o‘rganish uchun u yerga mutaxassislardan iborat tezkor guruh yuborilgan.

«Biz xavfni baholash va surishtiruv o‘tkazish uchun tezkor guruhni yuborishga qaror qildik. Aynan o‘sha paytda ular kasal odamlardan namunalar olishlari mumkin bo‘ladi, ammo biz olgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 89 kishi vafot etgan», — dedi JSST vakili.