Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Toshkent shahar prokuraturasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi daraxtzorni kesish fakti bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi natijalariga aniqlik kiritish maqsadida rasmiy so‘rovlar yubordi.

2020 yilning fevralida Building And Supplies kompaniyasi poytaxtning sobiq hokimi Rahmonbek Usmonovning qarori doirasida Yunus Rajabiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar orasida 0,5 gektar maydonda ko‘p qavatli turar joy qurishni rejalashtirgan edi. Buning uchun quruvchi daraxt kesishga moratoriy e’lon qilinganiga qaramasdan, 81 tup daraxtni kesib tashlagani jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan, oqibatda shahar va hukumat rahbarlari diqqatini tortgan edi.

Yakkasaroy tuman hokimi o‘rinbosari va Building And Supplies ta’sischisiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Aybdorlarga nisbatan 1 mlrd 891,3 mln so‘m miqdorida jarima tayinlandi. Tuman IIO FMB boshlig‘i va prokurorga hayfsan berildi.

Deputat so‘roviga javoban Ekologiya davlat qo‘mitasi Toshkent prokuraturasidan haligacha 1 mlrd 890 mln so‘m tushmagani, ular haligacha departament depozit hisob raqamida ekanligini ma’lum qildi. Bu ma’lumotni «Gazeta.uz»ga qo‘mita tasdiqladi.

Shahar prokuraturasi deputatning 9 noyabr kuni yuborgan so‘roviga javob bergani yo‘q.

Deputat postining skrinshoti.

E’lon qilinganidan biroz vaqt o‘tib Rasul Kusherbayev o‘z postini o‘chirib tashladi. «Gazeta.uz» deputat bilan bog‘landi, biroq u izoh berishdan bosh tortdi va ehtimoliy bosim haqidagi savolga javob bermadi.

«Gazeta.uz» Toshkent prokuraturasi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.

Korxona vatashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Building And Supplies 2018 yil 2 fevralda ro‘yxatga olingan. Kompaniyaning asoschisi va rahbari sifatida Abdurahim Qodirov ko‘rsatilgan.