O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda Surxondaryo viloyati Denov shahrida sodir bo‘lgan portlash yuzasidan munosabat bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

«Denovdagi bo‘lgan noxush voqea hammaning ko‘zini ochishi kerak. «Har bir hokim, prokuror, ichki ishlar, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar va qurilish, sanoat xavfsizligi boshqarmalari rahbarlari o‘z hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, texnik standartlarga amalga qilish, pala-partish qurilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, yerosti tarmoqlar hisobini yuritish ustidan qat’iy nazorat tizimini o‘rnatishi shart», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Hammasi qonun bilan hal qilinsin. Xudo saqladi, qancha odam nobud bo‘lishi mumkin edi. Agar bu kunduzi bo‘lganda nima bo‘lardi?» — deya prezident so‘zlarini keltirdi Kun.uz.

«Televizor orqali hammasini tushuntiringlar, Denovda shunday holat bo‘ldi, deb aytinglar. Yashiradigan O‘zbekiston emas hozir. Shu ikki odam o‘limi bizga sinov bo‘ldi. Endi har bir viloyat hokimi shaxsan o‘zi bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha mas’uliyatni zimmasiga oladi. Endi bunday hodisa qaytarilmasligi lozim, oldinda qish, ehtiyotkorlik zarur», — dedi prezident.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolov Denovda sodir bo‘lgan hodisa gaz tufayli kelib chiqqanini aytgan.

«Gazchilar e’tiborsizlik qilib, past bosimli trubalar orqali o‘rta bosimni ulab yuborishgan. Gaz sizib chiqib shunday holat yuzaga keldi. Hozir hodisa prokuratura tomonidan jiddiy o‘rganilyapti», — dedi viloyati hokimi.

Prezident bunga yo‘l qo‘ygan gaz ta’minoti xodimlari rahbarlari bilan birga tergov va surishtiruvlar natijasiga ko‘ra javobgarlikka tortilishini ta’kidladi vabosh vazirga bir oy muddatda gaz quvurlarini xatlovdan o‘tkazib, natijasi bo‘yicha qaror qabul qilishgatopshiriq berdi.

Eslatib o‘tamiz, 7 dekabr kuni tonggi 4 lar atrofida Denovdagi ikki qavatli «Indenim» savdo majmuasida gaz portlashi sodir bo‘ldi, ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi, bir necha kishi jarohatlandi. Bosh prokuratura portlash bo‘yicha terakt versiyasini rad etdi. Portlashga taxminan bino ichida bir necha soat davomida gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgani aytildi.