13 dekabr kuni Sharm ash-Shayxda (Misr) korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi ish boshladi. Uning ishtirokchilari poraxo‘rlarni qanday aniqlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish kanallarini uzish, musodara qilish va o‘g‘rilangan mol-mulkni qaytarish yo‘llarini muhokama qilmoqda, deya xabar berdi BMT axborot markazi.

Forumda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov, Senatning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Narimon Umarov, Bosh prokuratura akademiyasi rahbari Yevgeniy Kolenko va boshqalar ishtirok etmoqda.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

«Korrupsiya jamiyatda keng tarqalishi bilan odamlarning rahbar va muassasalarga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradi. Bu tengsizlikni kuchaytiradi, surbetlikni va izolyatsiyani kuchaytiradi hamda ayollar va qizlar yengib o‘tishlari kerak bo‘lgan to‘siqlarni kuchaytiradi. Tiyiqsiz ochko‘zlik barchamizga zarar yetkazadi», — dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish videomurojaatida.

U mamlakatlar COVID-19 pandemiyasidan tiklanish uchun katta mablag‘ sarflayotgan bir paytda o‘zlari uchun foyda olishga urinayotgan «jinoyatchi opportunistlar»ga qarshi kurashga chaqirdi. Zarur hushyorlik bo‘lmasa, ushbu mablag‘larning aksariyati jinoyatchilar qo‘liga tushishi mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu konferensiya hamkorlikni mustahkamlash va global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashni jadallashtirish uchun imkoniyatdir.

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boshqarmasi ijrochi direktori Geda Vali ham korrupsiyani «global tashvishli hodisa» deb atadi.

«Dunyo har yili korrupsiya tufayli trillionlab dollar yo‘qotadi, har bir dollar esa davlat tomonidan ajratilgan mablag‘larini ko‘paytirish uchun zarur», dedi u. BMT NJB rahbari korrupsiya nafaqat barqaror rivojlanishga zarar yetkazishini, balki jinoyatchilik va terrorizmning kuchayishiga olib kelishini ham ta’kidladi.

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga a’zo davlatlar konferensiyasining to‘qqizinchi sessiyasi 17 dekabrga qadar davom etadi. Unda ishtirok etish uchun 152 davlatdan 2133 delegat kelgan. Konferensiya doirasida korrupsiyaga qarshi kurashning turli jihatlariga bag‘ishlangan 75 ta tadbir o‘tkaziladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston tashabbusi bilan kun tartibidan korrupsiyaga qarshi jarayonlarni raqamlashtirish va bu boradagi jamoatchilik nazoratining roliga bag‘ishlangan sessiyalar o‘rin olgan.

Korrupsiyaga qarshi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2003 yil 31 oktabrda ma’qullangan va 2005 yil 14 dekabrda kuchga kirgan. Hujjat a’zo davlatlarni korrupsiyaga qarshi siyosat yuritish, tegishli qonunlarni tasdiqlash va ushbu hodisaga qarshi kurashish uchun maxsus organlar tuzish majburiyatini yuklaydi.

Konvensiyaga ko‘ra, davlatlar o‘z mansabdor shaxslarining sotilmaydigan, halol va mas’uliyatli bo‘lishini ta’minlashi kerak. O‘zbekiston ushbu konvensiyaga 2008 yilda qo‘shilgan.