Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «AES obyektlaridan foydalanish uchun zarur bo‘lgan xodimlarga qo‘yiladigan malaka talablarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Qaror Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston Respublika Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilinadi.

Qayd etilishicha, mazkur talablar MAGATEning xavfsizlik bo‘yicha NS-G-2.8 «Atom elektr stansiyalari uchun kadrlarni yollash, malakasini oshirish va o‘qitish» yo‘riqnomasida belgilangan talablardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.

Hujjat loyihasida AES obyektlaridan foydalanish uchun zarur bo‘lgan xodimlar (jami 84 ta lavozim keltirilgan), jumladan, AES direktori, bosh muhandisi, direktor o‘rinbosarlari, bosh muhandis o‘rinbosarlari va boshqa rahbar hamda ishchilarning ta’lim darajasi, malakaviy talablar va ish tajribalariga qo‘yiladigan shartlar bayon etilgan.

Xususan, AES direktori lavozimiga nomzod yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotli, energetika bo‘yicha malakaga ega bo‘lishi hamda energetika sohasida rahbarlik lavozimlarida 8 yillik mehnat staji, AESda 5 yildan kam bo‘lmagan ish stajiga ega bo‘lish talab etiladi.

Jamoatchilik muhokamasi 28 dekabrga qadar davom etadi va loyihada qayd etilganidek, qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda prezident yadro energetikasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha strategiyani tasdiqlagan edi. Strategiyaga ko‘ra, AESni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlari 4 ta bosqichda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlanadi:

  • oliy rahbar xodimlar;
  • ekspluatatsiya (operativ va ta’mirlash) xodimlari;
  • yordamchi texnik xodimlar;
  • ma’muriy-boshqaruv xodimlari.