«Farg‘onaazot» aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalidagi 99,02 foiz aksiya paketlarini sotish rejasi e’lon qilindi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu jarayon prezidentning 2021 yil 13 fevraldagi farmoniga (PF-4992-son) muvofiq amalga oshiriladi. Deloitte TCF LLP ushbu xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha Davaktiv agentligining yetakchi maslahatchisi hisoblanadi. Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (XMK) ham aktivni xususiylashtirishga yordam beradi.

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan raqobat muhiti asosida tashkil etiladi. Jarayon manfaatdor ishtirokchilardan majburiy bo‘lmagan (non-binding offers), so‘ngra majburiy bo‘lgan (binding offers) takliflarni olishdan va bir yoki bir nechta manfaatdor nomzodlar bilan keyingi muzokaralarni o‘tkazishdan iborat bo‘ladi.

«Farg‘onaazot» AJ 1962 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekistonda mineral azotli o‘g‘itlar, defoliantlar va sellyuloza atsetatlar ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Korxona 3 ta asosiy kompleksga bo‘lingan:

  • Mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqarish: AM-76 keng ko‘lamli ammiak agregati, konsentratsiyalanmagan AK-72M azot kislota va AS-72M ammiakli selitra ishlab chiqarish, karbamid ishlab chiqarish;
  • Natriy xlor va magniy xlorat defoliantini ishlab chiqarish;
  • Asetat tolasi va sellyulozaning murakkab efirlarini ishlab chiqarish.

Korxonaning jami ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,8 million tonna o‘g‘itni tashkil qiladi

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yakuni bo‘yicha kompaniyaning sof foydasi 292,6 mlrd so‘mn tashkil etgan. 2019 yilda esa ushbu ko‘rsatkich 220 mlrd so‘mga teng bo‘lgan. 2021 yil yakuniga muvofiq, ushbu ko‘rsatkichning o‘sishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin moliya vaziri Timur Ishmetov xususiylashtirishdan asosiy maqsad — investorlarga davlat bozorlarni tark etayotgani va ular davlat kompaniyalari tomonidan adolatsiz raqobatga duch kelishidan qo‘rqmasligini ko‘rsatish ekanini aytib o‘tgandi.