11 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi yig‘ilishida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qonun loyihasining maqsadi davlat organlari faoliyatida davlat fuqarolik xizmatining davlat siyosatini amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Unda davlat fuqarolik xizmatiga kirish, uni o‘tash va tugatishning yagona qoidalarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, loyihada birinchi marta davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi instituti joriy etilmoqda.

Qayd etilishicha, hujjat loyihasidagi normalar faqat davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilariga nisbatan qo‘llaniladi.

Deputatlar qonun loyihasining davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy himoyasiga taalluqli — yagona ish haqi tizimi, rag‘batlantirish va jazo choralari tartibi, ijtimoiy ta’minot, mehnat qonunchiligiga rioya etilishining huquqiy kafolatlari kabi qoidalarini atroflicha ko‘rib chiqqan.

Muhokamalar jarayonida qonun loyihasining xizmatchilar daromadi va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya qilish kabi normalarga ham e’tibor qaratilgan.

Yakunda loyihani quyi palataning yaqin orada bo‘lib o‘tadigan majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qonun loyihasi ilk bor 2020 yilning may oyida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan. O‘shanda hujjatda davlat xizmatchilari har yili daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishi va manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar berishi kerakligi qayd etilgandi. Shuningdek, davlat xizmatchilari mehnatiga yagona tizim asosida haq to‘lanishi ko‘zda tutilgandi.

2021 yilning avgustida qonun loyihasi qayta jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Dekabr boshida Antikorrupsiya agentligi «Gazeta.uz»ga qonun loyihasiga «Sovg‘a siyosati» nomli alohida bob kiritilganini ma’lum qilgandi. Unda davlat xizmatchilari qabul qiladigan sovg‘alarning miqdori va tartiblari qat’iy belgilanayotgani aytilgandi.

Muhokamasi 6 iyulga qadar davom loyihada ushbu qonun prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari hamda sudyalardan tashqari barcha davlat fuqarolik xizmatchilariga tatbiq etilishi bitilgan edi.

Avvalroq, Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida yozgan edik.