Toshkent jamoat transportida yo‘lkira narxi qimmatlashadi

1 yanvardan Toshkent shahrida jamoat transporti uchun yo‘l haqini 1400 so‘mdan 1700 so‘mgacha oshirish rejalashtirilmoqda. Shunga qaramasdan, transport kartasi bilan to‘lovni amalga oshirish joriy narxdan arzonroq bo‘lishi kerak. Karta bilan jamoat tranportida harakatlanish soniga chegara o‘rnatish ham ko‘zda tutilgan.

Boks: Bahodir Jalolov raqibini 46 soniyoda nokautga uchratdi

O‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov raqibi Xulio Kalimenoni birinchi raunddayoq nokautga uchratdi. U jahon chempionligi uchun jang qilish hamda og‘ir vazn toifasida barcha kamarlarni O‘zbekistonga olib kelish niyatida ekanligini ma’lum qildi. «Kim bilan bo‘lsa ham ringga chiqishga tayyorman. Entoni Joshua, Aleksandr Usik, Tayson Fyuri… Menga farqi yo‘q», — dedi Bahodir Jalolov.

Nurafshonda yodgorlik majmuasi va kutubxona qurilishi bekor qilindi

Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining oldingi xokimi imzolagan Nurafshon shahrida umumiy qiymati 34,4 mlrd so‘m bo‘lgan yodgorlik majmui va kutubxona qurish to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi. Ushbu mablag‘lar muhtojlarga yordam berish va boshqa maqsadlarga sarflanadi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Vazirlar Mahkamasining Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati tarkibiga kiritildi. Jamg‘armaning moliyalashtirish tartiblari, asosiy vazifalari o‘zgarishsiz qoldi.

O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi instituti joriy etiladi

O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi instituti joriy etilishi kutilmoqda. Qonunchilik palatasi qo‘mitasi tegishli qonun loyihasini palataning navbatdagi majlisiga kiritdi. Hujjat ilk bor 2020 yilda muhokamaga qo‘yilgandi.

«Amirsoy» hududida «Diplomatlar bog‘i» tashkil etildi

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va xorijiy davlatlarning elchilari «Amirsoy» hududida tashkil etilgan «Diplomatlar bog‘i»da daraxt ekishdi. Turkiya elchisi Olgan Bekar kelajakni asrab qolish uchun bu ham bir imkoniyat ekanligini ta’kidladi.

Irrigatsiya instituti Milliy tadqiqot universitetiga aylantirildi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti shu nomdagi Milliy tadqiqot universitetiga aylantirildi. Yangi yildan boshlab universitet o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tadi va 2022/2023 o‘quv yilidan to‘liq ilmiy va tashkiliy, boshqaruv mustaqilligiga ega bo‘ladi. Universitet ishini esa Boshqaruv kengashi muvofiqlashtiradi.

Toshkent shahridagi harbiy shaharcha auksion orqali 266,4 mlrd so‘mga sotildi

Chilonzor tumanidagi boshlang‘ich narxi 204 mlrd so‘mga baholangan harbiy shaharcha onlayn savdo orqali 266,4 mlrd so‘mga sotildi. Auksionda 2 dekabr kuni tashkil etilgan «Do'mbrobod city group» kompaniyasi g‘olib bo‘lgan.

Samarqand va Qashqadaryoni bog‘lovchi dovon harakat uchun yopildi

Ob-havo o‘zgarib, qor yog‘ayotgani tufayli Samarqand va Qashqadaryoni bog‘lovchi «Taxtaqoracha» dovoni tansport vositalari harakati uchun vaqtincha yopildi.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar:

Savdoni erkinlashtirmoqchimizmi yoki teskarisi?

Hukumat qarori bilan import tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qo‘llash tartibi nizomi tasdiqlandi. Kvotalar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan import qiluvchilar o‘rtasida taqsimlanadi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev ushbu qarorning salbiy oqibatlari, tarif kvotalarining iqtisodiyotga ta’siri va hukumatning kvotalardan ko‘zlagan maqsadi haqida «Gazeta.uz» uchun maqolasida fikr yuritadi.

O‘zbekiston 6 yildan buyon mulkni adolatli musodara qilish masalasida dunyo davlatlari orasida eng yomon ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda

Deputat Rasul Kusherbayev «Qonun ustuvorligi» indeksining mulkni adolatli musodara qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston eng oxirgi o‘rinlarda ekanligini qayd etib, ushbu holatni «sharmandachilik» deb atadi. «Gazeta.uz» o‘rganishlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich reytingga kiritilgan 2015 yildan beri O‘zbekiston mulkning adolatli musodarasi subindikatorida eng past o‘rinlarni egallab kelmoqda. Tahririyat ushbu reytingni tuzgan World Justice Project (WJP) ma’lumotlari asosida boshqa indikatorlarni ham o‘rganib chiqdi.