Noyabrda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Zoyir Mirzayev viloyatning oldingi hokimi Davron Hidoyatov tomonidan qabul qilingan — Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosini qurish to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

«Gazeta.uz» mazkur loyihaga viloyat mahalliy budjetining joriy yil III chorak yakunida shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan jami 34,4 mlrd so‘m (Markaziy bankning 8 noyabrdagi kursi bo‘yicha 3,2 mln AQSh dollaridan ortiq) mablag‘lar yo‘naltirilgani haqida yozgandi. Loyiha Qarshida ro‘yxatdan o‘tgan Qashqadaryo Maks Servis Qurilish xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgandi.

11 dekabr kuni Zoyir Mirzayev tomonidan imzolangan farmoyishga ko‘ra, ushbu loyihaga ajratilgan mablag‘lar viloyat mahalliy budjetiga qaytarildi. Shundan viloyatdagi nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning uy-joylarini ta’mirlash uchun viloyat «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga o‘tkazib berish maqsadida viloyat hokimligiga 1,65 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.