Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Asaka tumani hokimi aholi bilan nomaqbul tarzda suhbatlashgani aks etgan video tarqaldi. Tuman hokimligi ushbu holat yuzasidan izoh berdi.

«Asaka tumani hokimining xalq bilan muloqotdagi jarayoni aks etgan videosi tarqaldi. Bir qarashda hokim o‘rnidagi shaxs, hokimlik lavozimi bergan kuchdan kekkayib, o‘zini mutlaq 'monarx'dek tutgan bo‘lib ko‘rindi», — deya ta’kidladi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z kanalida.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu videolar «Qadriyat» mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida ko‘p qavatli uylarda aholi bilan uchrashuv jarayonidan olingan.

Jarayon onlayn tarzda tuman hokimligining rasmiy Telegram kanalida berib borilgan va muhokamalarga sabab bo‘lgan video e’tiborsizlik tufayli joylangan. Bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan mas’ul xodimlarga nisbatan tushuntirish ishlari olib borilgan va belgilangan tartibda chora ko‘rilgan, deyiladi hokimlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 19 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Asaka tuman IIB boshlig‘iga tegishli deb aytilayotgan audioyozuv tarqalgan edi. Andijon viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan mazkur audioyozuvda aks etgan holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruv natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.