Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Sammit Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida bo‘lib o‘tdi. Unda shuningdek, Kengash faxriy raisi, Qozog‘istonning birinchi prezidenti — Nursulton Nazarboyev, Rossiya prezidenti — Vladimir Putin, Belarus prezidenti — Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iziston prezidenti — Sadir Japarov, Armaniston bosh vaziri — Nikol Pashinyan, YeOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat — Kuba prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi — Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqi davomida O‘zbekiston YeOIKga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganiga roppa-rosa bir yil bo‘lgan va bu davr mobaynida «uzoq muddatli munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish uchun mustahkam zamin» yaratilgan: «Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan tizimli va samarali ish yo‘lga qo‘yildi. Memorandum va uch yillik aniq chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa organlari ishida ham faol qatnashmoqda».

«Biz milliy qonunchilikni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi normalari bilan, birinchi navbatda, standartlashtirish va tashqi savdoni notarif tartibga solish choralari sohasida yaqinlashtirish masalasida izchil harakat qilmoqdamiz», — dedi prezident.

O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi joriy yilning 11 oyida 30 foizga ortdi. Ayni paytda, pandemiyadan avvalgi 2019 yil bilan taqqoslaganda, birlashma mamlakatlari bilan o‘zaro savdo 11 foizga oshdi.

Shavkat Mirziyoyev YeOII mamlakatlari qabul qilishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalardan biriga, «o‘zaro savdodagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishni davom ettirish muhimligiga» to‘xtalib o‘tdi. U O‘zbekiston texnik tartibga solish normalari, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya talablarini uyg‘unlashtirish ishlarini davom ettirayotganini ta’kidladi.

Uning fikricha, yangi transport yo‘laklarini barpo etish loyihalarini ilgari surish «mamlakatlar tranzit salohiyatini oshirish borasidagi birgalikdagi ishlarga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi».


O‘zbekiston yuk tashishlarni kuzatish uchun navigatsiya tamg‘alarini joriy etish bo‘yicha dasturga qo‘shilish imkoniyati ko‘rib chiqmoqda va YeOIIning Logistika zanjirlarini rivojlantirishning raqamli ekotizimini yaratish to‘g‘risidagi yangi tashabbusi qiziqish uyg‘otmoqda.

«Global iqlim kun tartibini hisobga olib, a’zo va kuzatuvchi davlatlarning „yashil“ energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimdir», — deya so‘zida davom etdi u.

«Raqamli iqtisodiyotga o‘tish, innovatsiyalar va ilg‘or IT-yechimlarni keng joriy qilish» mamlakatlar raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega, dedi Shavkat Mirziyoyev. U navbatdagi Yevroosiyo raqamli forumini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

O‘zbekiston «iqtisodiy integratsiya maqsadlaridan kelib chiqib», kuzatuvchi mamlakatlarning Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Kengashi va organlari ishida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishni niyatida. «Bu hamkorlik samaradorligini oshirish va qo‘shma qarorlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi», — dedi prezident.

Nutqi yakunida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi.