9 dekabr kuni regulation.gov.uz portalida O‘zbekiston davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi loyihasi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, ushbu kodeks davlat xizmatchilarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqining yagona prinsiplari va qoidalarini belgilovchi hujjat bo‘lib xizmat qiladi.

Kodeksga ko‘ra, davlat xizmatchisi quyidagilarga haqli emas:

  • mansab vakolatlarini siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va ularning organlari manfaatlari yo‘lida amalga oshirishga, davlat hokimiyati vakillik organiga saylangan siyosiy davlat xizmatchilari bundan mustasno;
  • ilmiy, sport, pedagogik hamda innovatsion g‘oya va takliflarni tatbiq etish bilan bog‘liq faoliyatdan tashqari tadbirkorlik va haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga;
  • o‘z xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan holda fuqarolar, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazish orqali shaxsiy foydani olishga;
  • o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati biror-bir moddiy boyliklarni olish yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslardan boshqacha naf ko‘rishga.
  • davlat xizmatchisiga mazkur moddada belgilangan cheklovlardan tashqari boshqa cheklovlar qonunchilik hujjatlari bilan belgilanishi mumkin.

Loyihaga binoan, davlat xizmatchisining odob-axloq normalariga rioya qilishlarini ta’minlash bo‘yicha mas’ul bo‘lgan organlar quyidagilar hisoblanadi:

  • davlat tashkilotlaridagi odob-axloq komissiyalari;
  • prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

Davlat xizmatchisining tashqi ko‘rinishi mehnat sharoitlari va xizmat turiga qarab, xizmat majburiyatlarini bajarishi vaqtida fuqarolarning davlat tashkilotiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga ko‘maklashishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq bo‘lishi va rasmiylik, neytrallik, kamtarlik va intizomni namoyon etishi lozim.

Davlat tashkilotlarida barcha xodimlarga ish joyida bir xilda ularning siyosiy va mafkuraviy qarashlarini yoki dinga munosabatini aks ettiruvchi liboslarda bo‘lish yoki belgilarni taqib yurish taqiqlanadi.

Loyiha muhokamasi 24 dekabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin davlat xizmatchilari oladigan sovg‘alar miqdori qat’iy belgilanayotgani haqida xabar berilgandi.