Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan Sh. V. fuqarodan pora olganlikda gumon qilinmoqda. Bu Bosh prokuraturaning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda aniqlandi.

U qarindoshi Sh. N. orqali uning tanishi A.K. ning ishonchiga kirib, unga nisbatan Buxoro viloyati prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishini tanishlari orqali tugatib berishni va’da qilgan. 27 noyabr kuni fuqaro A.K.dan 3.000 AQSh dollarini qo‘lga kiritganligi aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan 7 dekabr kuni Sh. V. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi (Firibgarlik), 28, 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, uning qarindoshi Sh. N.ga Jinoyat kodeksining 212-moddasi 1-qismi (Pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi ochilgan.

Gumonlanuvchi Sh. V. protsessual tartibda ushlandi. Bosh prokuratura tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishlar davom etayotganini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq, Bosh prokuraturaning yana bir boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari 29 ming dollar miqdorida pora olgan vaqtida ushlangan edi. Gumondor ushbu pullarni 2020 yili Olmaliq prokurori sifatida ishlagan vaqtidan beri tanishining tenderda yutishiga yordam berganini aytib, talab qilib kelgan.