3 dekabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Taklif etilayotgan loyihada foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda chegirmalarga kiritiladigan amortizatsiya ajratmalari normalarini o‘rtacha 2 baravarga oshirish, bir martalik investitsiyaviy chegirma miqdorlarini binolar bo‘yicha — 10 foiz, yangi texnologik asbob-uskuna bo‘yicha — 20 foiz belgilangan holda 2 baravarga oshirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ko‘chmas mulk joylashgan joyidan kelib chiqib bir kv. metr uchun minimal qiymat joriy etish, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i stavkalarini pasaytirish, polietilen granulalariga aksiz solig‘i stavkasini 20 dan 10 foizgacha pasaytirgan holda, ushbu stavkani uning importiga ham qo‘llash belgilanmoqda.

Bundan tashqari, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun esa soliq va aksiz solig‘i stavkalari o‘rtacha 10 foizga indeksatsiya qilish nazarda tutilyapti. Bunda, qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orish uchun foydalanilgan suv hajmi qismi va baliqlarni o‘stirish, shu jumladan, dehqon xo‘jaliklari uchun belgilangan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2021 yil darajasida (1 kub metr uchun 40 so‘m) saqlab qolinmoqda.

Loyihada soliq solish bilan bog‘liq bo‘lgan obyektlar hisobini tashkil etish, xususan, soliq imtiyozlari hisobi bo‘yicha yagona avtomatlashtirilgan tizimni yaratish, soliq to‘lovchining hisob ma’lumotlaridagi o‘zgarishlarni shaxsiy kabinet orqali tasdiqlash masalasi ham aks ettirilgan.

Deputatlar tomonidan loyihani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi va qabul qilindi. Qonun loyihasi kelgusi majlislarda moddama-modda ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i 10 foizga oshishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. Bu haqda Hisob palatasi 2022 yilgi davlat budjeti qonuni loyihasi va budjetnoma bo‘yicha xulosasida bayon qilingandi.