Faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan va debitor qarzdorlikni hisobotlarda aks ettirmagani uchun Qarshi va To‘raqo‘rg‘on neft bazalari rahbarlari hamda xodimlari egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi.

Bu haqda 9 dekabr kuni «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, neft bazalarida yil boshiga nisbatan debitor qarzdorlik 2,4 barobarga oshgani, talon-tarojliklar, kamomad va mansab vakolatini suiste’mol qilish holatlari aniqlanmoqda.

Katta miqdorda qarzdorlik Jizzax, Buxoro, Maroqand, Qarshi, Andijon va Guliston neft bazalarda saqlanib qolinayotgani ma’lum qilindi.

Jumladan, Maroqand neft bazasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida to‘lovsiz iste’molchilarga yetkazib berilgan neft mahsulotlari evaziga hosil bo‘lgan debitor qarzdorlik hisobotlarda yashirilgan.

Qarshi neft bazasi tomonidan esa o‘tgan davr mobaynida to‘lovsiz iste’molchilarga yetkazib berilgan neft mahsulotlari evaziga hosil bo‘lgan debitor qarzdorlik hisobotlarda yashirilgan. Noyabr oyida esa 32,7 mlrd so‘mlik debitor qarzdorlik hisobotlarda aks ettirilgan. Mazkur holat bo‘yicha Qarshi neft bazasi direktori B.Mahmudov egallab turgan lavozimidan ozod etildi, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda shuningdek, To‘raqo‘rg‘on neft bazasining faoliyati ham jiddiy tanqid qilindi. Unga qarashli AYOQSHda 2 mlrd so‘m mablag‘ning o‘z vaqtida kirim qilinmay kelingani ortidan neft baza rahbari, iqtisodiy masalalar bo‘yicha uning o‘rinbosari, bosh buxgalter egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Qolaversa, Qarshi neft bazasiga tegishli 11 ta, Maroqand neft bazasiga tegishli 6 ta fermerlarga yoqilg‘i tarqatish shoxobchasi Hukumat qarorlari talablariga zid ravishda neft baza xodimlari ta’sischiligidagi korxonalarga sotilib, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, barcha neft bazalarda moliyaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul rahbarlar, moddiy javobgar xodimlarning ish faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi va ishdan bo‘shatilishi bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Avvalroq, Jizzax va Andijon neft bazalari rahbarlari ishdan olingani hamda ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida yozgan edik.