«Samarqand» xalqaro aeroporti 10 dekabrdan boshlab mintaqaviy va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi, deya xabar bermoqda «Uzbekistan Airports» kompaniyasi matbuot xizmati.

«Ayni paytda, uzunligi 3105 metr va kengligi 60 metrlik uchish-qo‘nish yo‘lagi, samolyotlar uchun 24 ta turargoh, uchish yo‘lakchasi va perronni o‘z ichiga olgan yangi aerodrom kompleksi qurilishi to‘liq yakunlandi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, aerodrom majmuasida IKAO ikkinchi toifasiga mos keladigan, zamonaviy, energiya tejovchi yorug‘lik signalizatsiya uskunalari va qo‘nish tizimi o‘rnatilgan.

Aerovokzal majmuasining qurilishi davom etmoqda. Qurilish ishlari kuzda tugashi rejalashtirilgan edi.

«Samarqand» aeroporti 20 oktabr kuni yangi aerodrom majmuasini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan yopilgan edi. Bu vaqtda aviareyslar respublikaning boshqa — «Navoiy», «Buxoro», «Qarshi» xalqaro aeroportlariga vaqtincha yo‘naltirilib, yo‘lovchilar uchun Samarqandgacha yerusti qatnovi tashkil qilingan edi.

Samarqand aeroporti 1967 yilda qurilgan. Shanxay hamkorlik tashkilotining 2022 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammiti uchun uni qayta qurishga qaror qilingandi. Yangi terminal Enter Engineering kompaniyasi tomonidan qurilmoqda. Aeroport xorijning Air Marakanda kompaniyasi tomonidan boshqariladi.