Poytaxtdagi «Qo‘yliq» bozori Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidagi Mexnatobod ko‘chasida joylashgan «FOODCITY» savdo markaziga ko‘chiriladi. Buni markaz mas’ul xodimi «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «Qo‘yliq» bozorida oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullangan tadbirkorlar markaz hududiga o‘zlari xohlab murojaat qilgan. Bundan tashqari, savdo markazining veb sahifasidagi nomlanishi ham «FOODCITY Yangi Qo‘yliq dehqon bozori»ga o‘zgartirilgan.

Savdo markazi Qo‘ylik bozorining hozirgi joyidan 6,5 km uzoqlikda joylashgan. Eng yaqin metro Qo‘ylik 7-bekat hisoblanadi.

Markazda ayni paytda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ulgurji va chakana sotish uchun savdo bozorlari barpo etilgan.

Savdo markazi 84 ta futbol maydoni teng hududda joylashgan bo‘lib, unda 2500 do‘kon va savdo rastalari, 2500 ta avtomobil uchun avtoturargoh mavjud.

Shuningdek, nafaqat Toshkentdan, balki boshqa viloyatlardan ham avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish maqsadida yirik transport uzellari barpo etilishi kutilayotgani aytilmoqda.

Avvalroq, avtomobil yo‘lining kengaytirilishi tufayli «Qo‘yliq» dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydonlarini boshqa joyga ko‘chirish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edik.