Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Tashkulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan adliya vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Buni «Gazeta.uz»ga Adliya vazirligi matbuot xizmati tasdiqladi.

«Gazeta.uz» manbasiga ko‘ra, u Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda. Hozirga qadar universitet prorektori Islombek Rustambekov vaqtincha rektor vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Tashkulov Akbar Djurabayevich 1971 yil 21 sentabrda Jizzax viloyati Jizzax tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, huquqshunos, birinchi darajali adliya maslahatchisi.

Akbar Tashqulov vazir o‘rinbosari lavozimiga 2017 yilda tayinlangan edi. Bunga qadar esa Adliya vazirligining turli lavozimlarida ishlab kelgan. Shuningdek, prezidentining 2015 yil 28 avgustdagi farmoni bilan «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.