Bosh prokuraturaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyati Denov shahri markazida joylashgan ikki qavatli «Indenim» savdo majmuasidagi portlashda terakt taxmini o‘z tasdig‘ini topmagan.

Chorshanba kuni mazkur voqea yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar berdi Surxondaryo telekanali. Unda viloyat hokimi To‘ra Bobolov respublika va viloyat miqyosidagi ishchi guruh o‘rganish ishlarini olib borayotganini qayd etgan.

«Holat bo‘yicha birorta zarar yetgan bo‘lsa… Qanaqa zarar endi, oynalar, eshiklarni sinishi, ayrim joylarda qo‘porilish holatlari bo‘lgan. Asosan yonidagi 6 ta xonadonda bo‘lgan», — dedi u.

(Chapdan o‘ngga) Doniyor Masaliyev, To‘ra Bobolov. Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi.

O‘zAning yozishicha, hokim 65 tadbirkorlik subekti binosi va xonadonga yengil zarar yetganini ma’lum qilgan. Derazalar oynalari singan, 6 xonadon devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgan.

«Zarar ko‘rganlarning vaqtincha yashashi uchun 24 ta xonadon hozirlandi. Xonadoni tamirlanguncha ko‘chishi lozim, deb topilgan 7 oila ko‘chirildi. Ularning yashashi uchun ijara haqini tuman hokimligi to‘lab beradi», — degan To‘ra Bobolov.

U, shuningdek, ushbu holatni boshqacha talqin qilmaslik va boshqa hududlardagi qurilish ishlari bilan adashtirib yubormaslikni so‘ragan.

«Denov tumani Sharof Rashidov va Mustaqillik ko‘chalarida qurilish jarayonlari ham bor. Birgina Sharof Rashidov ko‘chasida 27,5 mlrd so‘mlik xonadonlarni buzish ishlari olib borilmoqda. Ayrim suratlarda ko‘rdik, bu ham chaqnash natijasida bo‘ldi degan fikrlar tarqatilayapti. Bu mutlaqo noto‘g‘ri», — dedi viloyat hokimi.

Ta’kidlanishicha, yetkazilgan zararni o‘rganish maqsadida mustaqil baholovchilar hamda binolarning yaroqlilik darajasini o‘rganish uchun qurilish inspeksiyasi jalb etilgan.

«Tergov jarayoni yakuni bilan bu jarayonlarni to‘xtatmasdan [yetkazilgan zarar] qisqa vaqtlarda bartaraf etiladi. Zarar yetgan xonadonlarning hammasida tomini, eshik, romlarini almashtirish masalalari bo‘lsa, buni hal qilishni boshlab yuborganmiz. Fuqarolar bilan kelishgan holda davlat tomonidan avvalgi holatiga keltirish bo‘yicha topshiriqlar olingan. 3−4 kunda hammasi oxiriga yetkaziladi», — deya ishontirgan To‘ra Bobolov.

Hokimning qo‘shimcha qilishicha, har bir obyektga quruvchi va mas’ullar biriktirilgan.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Masaliyev hozir ekspertlar guruhi hodisa joyida ishlayotganini ma’lum qildi.

«Mutaxassislarning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa joyida bo‘lgan portlash biron-bir portlatuvchi modda yoki neft mahsulotlarining yordamida amalga oshirilganligini to‘liq inkor etsa bo‘ladi. Taxminan, bino ichkarisidagi gaz quvurlaridan bir necha soat davomida sizib chiqqan gaz oqibatida to‘plangan katta miqdordagi gaz havo bilan reaksiyaga kirishib, katta chaqnash oqibatida portlash bo‘lgan. Hozir shu taxmin asosida ishlayapmiz. Sababi binoga yetkazilgan zararlar shu portlashdan qolgan izlar bizni taxminlarimizni keltirib chiqarayapti», — dedi Doniyor Masaliyev.

Avvalroq «Daryo» muxbirining Denov tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan jabrlanuvchilar bilan suhbati ham e’lon qilingandi. Abdulla Do‘lanov «gaz umuman chiqmaganligini, hidi chiqsa, sezgan bo‘lishlarini» ta’kidlagan. Uning aytishicha, majmuaning ishchilar uchun oshxonasida gaz-ballondan foydalanilmagan.


Foto: Asliddin Eshonqulov / «Daryo».

Savdo majmuasida ish boshlaganiga 7 dekabr kuni ikki oy to‘lgan Abdulla Do‘lanovning aytishicha, portlash yuz bergan vaqtda binoda yetti kishi bo‘lgan.

«Savdo markazining ikkinchi qavatidagi xonalarda uch kishi yotgandik. Soat taxminan 2 yo 3 larda portlagan. Uyg‘onsam, boshimdan qon ketyapti, oyog‘im beton bo‘lagi ostida qisilib qolgan, sherigim esa baqirib yordamga chaqiryapti», — deb eslagan u.

Bunga qadar «Gazeta.uz» Denovdagi portlash oqibatlari haqidagi fotoreportajni e’lon qilgan edi.