8 dekabr kuni ertalab ob-havo sharoiti tufayli ko‘rishning yomonlashishi Urganch, Nukus va Navoiy aeroportlari faoliyatiga o‘zgarishlar kiritildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkentdan uchayotgan HY051 reysi Urganch aeroportiga soat 08:20 da qo‘nishi kerak edi. Biroq mezbon aeroportdagi qalin tuman tufayli — ko‘rish imkoniyati 200 metrgacha tushib ketgani bois qoldirildi. Samolyot poytaxtdan soat 11:00 da havoga ko‘tarilib, Urganchga 12:10 da yetib borishi xabar qilindi.

Toshkent — Nukus yo‘nalishi bo‘yicha HY011 reysi kechiktirilishiga ham tuman sabab bo‘ldi. Samolyot Toshkentdan soat 07:30 da parvoz qilishi kerak edi, biroq ob-havo sharoiti noqulay kelganligi sababli parvoz soat 10:30 da qoldirildi.

«Navoiy» aeroportini ham quyuq tuman qopladi — ko‘rish masofasi 300−350 metrni tashkil qilgan. Biroq ertalabki soatlarda yo‘lovchilar qatnovi jadvalda bo‘lmagan.

Ayni paytda aeroportlarda ob-havo sharoiti qulay ekani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, 7 dekabr kuni ham tongda Urganch va Andijon aeroportlarida yomon ob-havo natijasida samolyotlar uchish va qo‘nishni amalga oshira olmagan edi. «Aeroflot» aviakompaniyasining Moskvadan uchgan reysi Nukusdagi zaxira aerodromga qo‘nishga majbur bo‘ldi.