8 dekabrda O‘zbekistonda Konstitutsiya kuni nishonlanadi. Asosiy qonun 1992 yil 8 dekabrda mamlakatning o‘sha paytdagi parlamenti — Oliy Kengash sessiyasida qabul qilingan. Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan mamlakatning 20-asrdagi SSSR tarkibiga kirgan paytdagi konstitutsiyalari va mustaqil O‘zbekiston konstitutsiyasi tarixiga nazar tashlab, mamlakatning Bosh qomusi kelajagi haqida fikr yuritishni taklif qilaman. Oldindan aytib qo‘yay: maqola ilgari mavjud bo‘lgan yoki amaldagi normalar hamda ularning qo‘llanilishiga huquqiy baho berishga mo‘ljallanmagan.

Sovet davri

1924 yil 27 oktabrda RSFSR tarkibida bo‘lgan Turkiston ASSR hamda Buxoro va Xorazm sotsialistik sovet respublikalari hududlarining bir qismida O‘zbekiston SSR tuzildi. O‘zbekiston SSRning birinchi Konstitutsiyasi 1927 yil 30 martda Butuno‘zbek Sovetlari ikkinchi s’ezdida qabul qilingan. Poytaxti Samarqand shahrida bo‘lgan va tarkibiga Tojikiston ASSR ham kirgan O‘zbekiston SSR «ishchilar va dehqonlarning sotsialistik davlati» deb e’lon qilindi, bunda «butun hokimiyat ishchilar, dehqonlar va Qizil Armiya deputatlari sovetlariga tegishli» ekani belgilandi.

«Ishchilar, dehqonlar va Qizil Armiya» hokimiyatini o‘rnatish uchun oliy organ — Ishchilar, dehqonlar va Qizil Armiya deputatlari Sovetlari S’ezdi tuzildi. Amalda davlatga mamlakatning oliy qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, ma’muriy va nazorat qiluvchi organi bo‘lgan Sovetlar Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidiumi va O‘zSSR Xalq Komissarlari Soveti — mamlakat hukumati rahbarlik qilgan. Tabiiyki, hokimiyatlar bo‘linishi yoki nazorat va muvozanat tizimi haqida hech qanday gap bo‘lmagan.

Joylarda davlat hokimiyati mahalliy sovetlar s’ezdlari va ular tomonidan shakllantiriladigan ijroiya qo‘mitalari (ispolkomlar) tomonidan amalga oshirilgan. Quyi bo‘g‘inlardagi ispolkomlar yuqoridagilarga, okrug ispolkomlaridagi bo‘lim va boshqarmalar esa (xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, moliya va hokazo) — tegishli xalq komissariatlariga (narkomat) hisobdor bo‘lgan. Ehtimol, hozirgi vazirliklar va davlat organlari mahalliy bo‘limlarining ikki karra — ham o‘z vazirligiga ham, mahalliy hokimlikka bo‘ysunuvi amaliyoti o‘tgan boshqaruv tizimidan meros bo‘lib qolgandir.

Mazkur konstitutsiyada barcha milliy ozchiliklarga o‘z ona tilidan s’ezdlarda, sudda, davlat va jamiyat hayotida erkin foydalanish, shuningdek, o‘z ona tilida ta’lim olish huquqi berilgan, dekretlar (qonunlar), qaror va farmoyishlar esa o‘zbek, rus va tojik tillarida nashr etilgan.

Ushbu konstitutsiyaning yana bir qiziq jihati shundaki, mehnat fuqarolarning huquqi emas, balki majburiyati sifatida tan olindi, daromad olish maqsadida yollanma mehnatdan foydalangan shaxslar va «mehnatsiz daromad» evaziga yashayotgan shaxslar, shuningdek, xususiy savdogarlar, savdo vositachilari, diniy xizmatchilar, Rossiya imperiyasi, Buxoro amirligi va Xiva xonligi politsiya va ma’muriyatining sobiq xodimlari ovoz berish va kengashlarga saylanish huquqidan mahrum etildi.

O‘zbekiston SSSRning birinchi Konstitutsiyasi 10 yil davomida — 1937 yilgacha amal qildi. 1936 yilda SSSRning «stalincha» konstitutsiyasi qabul qilingandan so‘ng O‘zbekiston SSRning Asosiy qonuni ham yangi tahrirda qabul qilindi. Xuddi avvalgi konstitutsiyada bo‘lgani kabi O‘zSSR «ishchilar va dehqonlarning sotsialistik davlati» deb e’lon qilindi. Tojikiston ASSR 1929 yilda ittifoq respublikasiga aylantirilgan va shu tariqa O‘zbekiston SSSR tarkibidan chiqarilgan edi. O‘zSSR tarkibiga Qoraqalpog‘iston ASSR kirdi, respublika okruglar, tumanlar, milliy tumanlar va shaharlarga bo‘lindi. Poytaxt Toshkent shahriga ko‘chirilgan edi.

Hokimiyatni bir organda jamlashning avvalgi yondashuvi saqlanib qoldi, faqat Sovetlar S’ezdi o‘rniga O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi deb ataldi. Oliy Kengash avvalgi Sovetlar S’ezdi kabi doimiy faoliyat yurituvchi organ emas, balki yiliga ikki marta chaqirilganligi sababli Oliy Kengash Prezidiumi — doimiy organ — tuzildi. Prezidium xalq komissarlarini — hukumat a’zolarini tayinlar va lavozimidan ozod etardi.

Konstitutsiyaning avvalgi tahririda bo‘lgani kabi, mahalliy hokimiyat organlari mahalliy kengashlar tomonidan tuziladigan va yuqori turuvchi ijroiya qo‘mitalari oldida hisobdor bo‘lgan ijroiya qo‘mitalardan iborat edi. Oliy sud va quyi sudlardan tarkib topgan sud hokimiyati Oliy Kengash va tegishli mahalliy kengashlar tomonidan saylangan.

Mehnat endi fuqarolarning majburiyati emas, balki huquqi deb tan olindi. Shuningdek, Konstitutsiyada dam olish, ta’lim olish, qariganda, kasallik va nogironlik chog‘ida moddiy ta’minlanish huquqi kafolatlandi, shaxs, uning uy-joyi va yozishmalari daxlsizligi, jamoat tashkilotlariga birlashish huquqi, e’tiqod, so‘z va matbuot erkinligi, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlar erkinligi ham qog‘ozda qayd etildi. Avvalgi konstitutsiyada mavjud bo‘lgan ayrim toifadagi shaxslarni saylov huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi qoida chiqarib tashlandi: qog‘ozda barcha fuqarolarga saylash va saylanish huquqi ham kafolatlandi.

1978 yilda «Stalincha» konstitutsiya «Brejnev» konstitutsiyasi bilan almashtirildi. O‘zbekiston «respublikadagi barcha millat va elatlar, ishchilar, dehqonlar va ziyolilarning irodasi va manfaatlarini ifodalovchi umumxalq sotsialistik davlati» deb e’lon qilindi.

Mazkur konstitutsiyada Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining (KPSS) «boshqaruvchi va yo‘naltiruvchi roli» mustahkamlandi — haqiqiy vaziyat yuridik jihatdan rasmiylashtirildi va Kommunistik partiya Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotiblari rasmiy oliy organ — O‘zbekiston Oliy Kengashi va uning Prezidiumiga qaraganda ko‘proq vakolatlarga ega bo‘ldilar.

Oliy Kengash davlat hokimiyatining oliy ijro etuvchi va boshqaruv organi — Vazirlar Kengashini tuzdi. Quyi xalq sudlari fuqarolar tomonidan, yuqori sudlar esa tegishli kengashlar tomonidan saylanadigan bo‘ldi.

1989−1992 yillarda 1978 yilgi konstitutsiyaga jiddiy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi: o‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilindi, prezident va vitse-prezident lavozimlari ta’sis etildi, Vazirlar Kengashi Vazirlar Mahkamasiga o‘zgartirildi, Vazirlar Kengashi raisi lavozimi tugatilib, Vazirlar Mahkamasi raisining vazifalari prezidentga o‘tkazildi.

Mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi

1992 yil sentabrda «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarida e’lon qilingan Konstitutsiya loyihasi. Konstitutsiyaning yaratilish tarixiga oid arxiv hujjatlari ko‘rgazmasidan surat, 2017 yil noyabr. Yolqin Shamsiddinov / O‘zA.

1978 yilgi Konstitutsiya keyinchalik o‘zgartishlari bilan mustaqil O‘zbekiston e’lon qilinganidan va SSSR parchalanganidan keyin ham — 1992 yil 8 dekabrgacha, ya’ni Respublika Oliy Kengashining 12-chaqiriq 11-sessiyasida mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinguncha amalda bo‘ldi. Narzulla Jo‘rayev, Tursunboy Fayzullayev, Qamariddin Usmonov 1998 yilda chop etilgan «O‘zbekiston tarixi» maktab darsligida yozganidek, mamlakat Oliy Kengashi 1990 yilda 64 nafar a’zodan iborat konstitutsiyaviy komissiya tuzgan va unga o‘sha paytdagi prezident Islom Karimov rahbarlik qilgan. Fanlar akademiyasining Falsafa va huquq instituti, Siyosatshunoslik va boshqaruv instituti hamda Prezident devonining yuridik bo‘limi konstitutsiya konsepsiyasining uchta variantini ishlab chiqdi. Prezident apparati tomonidan taklif qilingan konsepsiya asosida Konstitutsiya loyihasi ishlab chiqilib, 1992 yil sentabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilindi va mamlakatning amaldagi Asosiy hujjatiga asos bo‘ldi.

Sovet davridagi konstitutsiyalardan farqli ravishda, mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasida hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo‘linishi tamoyili mustahkamlab qo‘yildi (11-modda). Hududiy saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga saylandigan 150 nafar deputatdan iborat bir palatali Oliy Majlis mamlakatda qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi oliy davlat vakillik organi bo‘ldi. Konstitutsiya loyihasi muhokamasi chog‘ida ikki palatali parlament yaratish taklifi ham bildirilgan, biroq bu takliflar «bunday an’ana yo‘qligi» tufayli rad etilgan edi.

Besh yil muddatga saylanadigan va bir vaqtning o‘zida Vazirlar Mahkamasining raisi bo‘lgan mamlakat prezidenti davlat va ijro etuvchi hokimiyat rahbari deb e’lon qilindi. Ayrim siyosiy tahlilchilarning fikricha, konstitutsiyaning birinchi tahririda qabul qilingan boshqaruv shaklini «prezident juda keng vakolatlarga ega, parlamentning nazorat funksiyalari kam bo‘lgan prezident-parlament respublikasi» sifatida tavsiflash mumkin.

Mahalliy hokimiyat vakillik organlari — hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari kengashlari tuzildi. Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil deb e’lon qilindi.

2003 yilda konstitutsiyaga jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi: bir palatali Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatdan iborat ikki palataliga aylantirildi, prezidentlik muddati yetti yilga uzaytirildi. Prezident ham davlat, ham ijroiya hokimiyati rahbari bo‘lib qoldi, biroq u endi Vazirlar Mahkamasi raisi emas edi. Parlament rolini kuchaytiruvchi bu va undan keyingi o‘zgarishlar, huquq fanlari doktori Mirafzal Miraqulovning fikricha, mamlakatni prezidentlik va parlament respublikasi belgilariga ega aralash respublika sifatida tasniflash imkonini beradi.

Yana bir o‘zgarish — prezidentlik saylovlarini prezidentlik muddati tugaydigan yil dekabr oyining uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazish qoidasi — huquqiy qarama-qarshilikka olib keldi, deyiladi YeXHT/DIIHBning 2007 yildagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha cheklangan kuzatuvchi missiyasi hisobotida: prezident saylovi 2007 yil 23 dekabrda bo‘lib o‘tdi, vaholanki, uning vakolatlari muddati o‘sha yil yanvar oyida tugagan edi.

2007 yilda Konstitutsiyaga navbatdagi o‘zgartirishlar kiritildi: prezident ijro hokimiyati rahbari bo‘lishni to‘xtatdi. Endilikda u «davlat boshlig‘idir va davlat organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishi hamda hamkorligini ta’minlaydi».

2011 yilda kiritilgan o‘zgartirishlar bosh vazirni tayinlash va unga ishonchsizlik votumini bildirish tartibiga tegishli edi. Bundan tashqari, amaldagi prezident o‘z vazifalarini bajara olmaydigan hollarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Senat raisining zimmasiga yuklatilishi to‘g‘risidagi norma joriy qilindi — avvalgi tahrirda bunday hollarda Oliy Majlis deputatlardan (senatorlardan) birini mazkur vazifani bajaruvchi etib tanlashi kerak edi. Shuningdek, alohida tuzatish bilan yetti yillik o‘rniga besh yillik prezidentlik vakolati muddati qaytarildi.

2014 yilda asosan Prezident, Vazirlar Mahkamasi, hokimlar va Markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga taalluqli o‘zgarishlar kiritildi. 2017 yilda Konstitutsiyaga uch marta: mart, may va avgust oylarida mahalliy kengashlar, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sudlar faoliyati bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritildi. Oxirgi o‘zgarishlar 2019 yil avgust va 2021 yil fevral oylarida kiritilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilda Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida [A1] Konstitutsiya va qonunlarni takomillashtirish, hayotimizning barcha jabhalarini liberallashtirish zarurligini ta’kidladi. Joriy yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimidagi nutqida ham prezident jahon tajribasini o‘rganish asosida mamlakatimizning bugungi va keyingi taraqqiyotini belgilab beruvchi Asosiy qonunni takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Davlat rahbari Konstitutsiya kuni munosabati bilan kechagi bayram tabrigida Konstitutsiyaga taklif etilayotgan o‘zgartirishlarning asosiy yo‘nalishlarini sanab o‘tdi.

Qanday o‘zgartishlar kiritilishi kerak?

Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartishlar haqida fikr yuritar ekanmiz, keling, demokratik jamiyatni yanada rivojlantirish uchun qanday o‘zgarishlar foydali bo‘lishini tahlil qilishga harakat qilaylik.

13-moddaga muvofiq, demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi hamda demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi. Biroq asosiy huquq va erkinliklarга (ko‘chish erkinligi, fikr, so‘z va e’tiqod erkinligi) taalluqli moddalarda «Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir» degan qo‘shimcha mavjud. Majburiy mehnat ham taqiqlangan, biroq «sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari».

Bunday talqin tayanch huquqlarni istagancha cheklash imkonini beradi, chunki cheklashlar qonun bilan tasdiqlansa, konstitutsiya talablariga mos tushaveradi. Masalan, fuqarolarni toifalarga bo‘ladigan va ularga tug‘ilgan hududidan kelib chiqqan holda turli huquqlar beradigan propiska instituti qonun bilan tasdiqlangan (darvoqe, bu qonun hali ham amalda), demak u konstitutsiyaga muvofiq, garchi Konstitutsiyaning 18-moddasiga yaqqol zid bo‘lsa ham.

Tayanch huquqlarning cheklanish shartlari (masalan, qonuniy kuchga kirgan sud hukmini o‘tash davrida yoki favqulodda vaziyatlarda harakatlanish erkinligini cheklash) Bosh qomus matniga kiritilishi kerak — dunyoning ko‘plab mamlakatlari (masalan, AQSh, Germaniya, Shvetsiya, Rossiya) konstitutsiyalarida shunday qilingan.

Konstitutsiyaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining davlat hokimiyati tizimi hokimiyatlarning bo‘linishi prinsipiga asoslanadi. Qadimgi Rim Respublikasida asos solingan va fransuz ma’rifatparvarlari tomonidan rivojlantirilgan hokimiyatlarning bo‘linish prinsipiga ko‘ra, davlat hokimiyati bir-biridan mustaqil va bir-birini tiyib turuvchi bo‘g‘inlar orasida taqsimlanadi hamda hech bir bo‘g‘in vakolatlarini suiiste’mol qilmasligi uchun choralar ko‘riladi.

Respublika darajasida qonun chiqaruvchi hokimiyatni parlament (Oliy Majlis), ijro etuvchi hokimiyatni esa Vazirlar Mahkamasi amalga oshirsa, viloyat darajasida vakillik va ijro etuvchi hokimiyatni bir shaxs — hokim boshqaradi, u o‘zi hisob berishi kerak bo‘lgan xalq deputatlari kengashlariga rahbarlik qiladi va xuddi shu deputatlar uni bir ovozdan Senatga — qonunchilik organi yuqori palatasiga saylashadi.

Bunday holat hokimiyatning bo‘linish prinsipiga qanchalik mos keladi? Bu kabi holatlar vakolatlarning birlashib ketishi va manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarmaydimi?

Hokimiyat vakolatlari aniq-tiniq ajratilmagan taqdirda nimalarga olib kelish mumkinligini ko‘plab misollarda ko‘rishimiz mumkin. Andijon viloyati hokimiga tegishli audioyozuv bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirar ekan, deputat Rasul Kusherbayev: «Bir shaxsda vakolatlarning haddan ortiq ko‘p bo‘lishi atrofdagilarga qimmatga tushadigan xatolarga sabab bo‘ladi», — deb yozgan edi.

Deputat aslida hokimiyatlar bo‘linishi nazariyasi asoschilaridan biri Montesk’yo bir necha asrlar ilgari yozgan so‘zlarni takrorladi: «Agar qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar bir shaxs yoki muassasada birlashgan bo‘lsa, u holda erkinlik bo‘lmaydi, chunki bu monarx yoki senat mustabid qonunlar qabul qilishi va ularni zulm bilan qo‘llashni boshlashi xavotiri mavjud».

Ko‘p sonli suiiste’mol holatlari: so‘kish, kaltaklash, tarixiy va shaxsiy obyektlarni buzish, «vaqt mashinasi» bilan tajribalar, tashkil etilishi va natijalari savollarni keltirib chiqarayotgan tenderlar — bularning hammasi buyuk faylasuf va huquqshunos aytgan so‘zlarni tasdiqlamayaptimi?

Prezident, Senat rahbari, hukmron O‘zLiDeP partiyasi raisi hududlar darajasida hokimiyatlar bo‘linishi zarurligi haqida gapirgan edi.

Davlat rahbari va’da qilganidek, mahalliy aholi tomonidan saylanadigan, kengashlar oldida hisob beruvchi hokimlar hamda bu hokimlar qonunlarni buzsa, faqat prezidentga shikoyat qilish bilan cheklanib qolmasdan, ularni vakolatlaridan mahrum eta oladigan mahalliy kegashlar — bunday holat Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyatchiligi prinsipiga ham, hokimiyatning bo‘linishi prinsipiga ham muvofiq keladi. Parlamentning yuqori palatasiga ham mahalliy kengashlar deputatlari orasidan vakillar saylanishi kerak, hokimlar emas.

O‘zaro tiyib turish va muvozanat tamoyili ham hokimiyatning bo‘linishi prinsipini to‘liq amalga oshirishning muhim sharti hisoblanadi. Bunday tizimda hokimiyatning har bir bo‘g‘ini bir vaqtning o‘zida bir bo‘g‘in uchun tiyib turish va boshqa biri uchun posangi (himoya) vazifasini o‘tovchi qonuniy vakolatga (harakat qilish huquqiga) ega bo‘ladi, bu esa hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari muvozanati va bir-birini nazorat qilishini ta’minlaydi.

Misol uchun, davlat rahbarining Konstitutsiyada mustahkamlangan parlamentni tarqatib yuborish huquqi parlament uchun tiyib turish, davlat rahbari uchun esa posangi vazifasini bajaradi. Muvozanat ta’minlanishi uchun parlament tizimi ham davlat rahbari uchun tiyib turish, parlament uchun posangi sifatida xizmat qiluvchi qonuniy vakolatga (masalan, ishonchsizlik votumi yoki impichment e’lon qilish huquqiga) ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, hokimiyat алмашинuвининг qomusiy asoslari konstitutsion qadriyat sifatida kuchaytirilishi kerak: tatqiqotchilarning qayd etishicha, mazkur jarayon ham siyosiy, ham iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim hisoblanadi.

Hokimiyatning boshqa tarmoqlari va prokuraturadan mustaqil va betaraf bo‘lgan hamda faqat qonunlar asosida qarorlar qabul qiladigan sud tizimi ham demokratik jamiyat uchun muhim — sud hokimiyatini hokimiyatning boshqa tarmoqlari va prokuraturaga qaram qilib qo‘yuvchi mexanizmlarni yo‘q qilish zarur.

Konstitutsiya mamlakatning Asosiy qonuni bo‘lib, hech bir normativ-huquqiy hujjat unda belgilangan norma va tamoyillarga zid bo‘lishi mumkin emas. Shunday ekan, Konstitutsiya samarali ishlashining yana bir muhim sharti — barcha normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini doimiy nazorat qilib borish va ulardagi Konstitutsiyaga zid deb topilgan har qanday qoidalarini bekor qilishdir. Har qanday masala bo‘yicha, xoh xususiy mulkni tortib olish, xoh turli toifadagi abituriyentlar uchun keng imtiyozlar berish yoki o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqini bekor qilish bo‘lsin — Konstitutsiyaga mos kelishi yoki muvofiq emasligi to‘g‘risida aniq asoslangan xulosalar bo‘lishi kerak va buning uchun Konstitutsiyaviy sud, balki, hozirgidan ko‘ra faolroq ishlashi kerak bo‘ladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.