Qoraqalpog‘iston Respublikasida shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasi doirasida bahorgi monitoring chog‘ida ushbu hududda ilgari topilmagan yangi qush turi — cho‘l buqasi aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Energetika vazirligi loyihalarning atrof-muhitga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ikki bosqichli xavf tahlilini o‘tkazadi. Birinchi bosqichda Xalqaro taraqqiyot institutlari (Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki) ko‘magida vazirlik taxminan bir yil davomida ma’lumotlarni yig‘adi. Bunda nafaqat loyiha uchun ajratilgan hududda, balki 50 km radiusda ham o‘rganish ishlari olib boriladi.

Hozirda qushlar, ko‘rshapalaklar, sudralib yuruvchilar va boshqa hayvonlarning soni va turlari o‘rganilmoqda. Shuningdek, o‘sayotgan o‘simliklar va yer osti suvlari ham kuzatib boriladi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish va ijtimoiy ta’sir sohasida xalqaro miqyosda tan olingan ekspertlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalarga ko‘ra, ijobiy xulosa bo‘lsa, tanlangan maydonda elektr stansiyasini qurishga ruxsat beriladi.

Ikkinchi bosqichda ekologik va ijtimoiy tadqiqotlar bevosita investor tomonidan qurilish boshlanishidan oldin kamida 6 oy davomida o‘tkaziladi. Bunday tadqiqotlar birinchi bosqichida qilingan qadamlarni qisman takrorlaydi. Biroq investor, kreditorlar va respublika hukumati qurilish ishlari atrof-muhitga hech qanday ta’sir etmasligiga ishonch hosil qilishi kerak.