Quyuq tuman tufayli «Aeroflot» aviakompaniyasining Moskva shahridan SU-1976 reysini amalga oshirayotgan samolyot 131 yo‘lovchisi bilan soat 06:40da Urganchga qo‘na olmadi va Nukusdagi zaxira aerodromiga yuborildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Yana bir qatnov — Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY053 qatnovi Toshkent aeroportida Urganchga parvozini kutmoqda. Jadvalga ko‘ra, bort soat 08:20 da Urganchga qo‘nib, so‘ngra HY279 qatnovi bilan Istanbulga yo‘l olishi kerak edi. Biroq Urganch aeroportida hamon tuman saqlanib turibdi.

Ko‘rish imkoniyati 200 metrdan 400 metrgacha yaxshilandi. Uchish uchun maqbul ko‘rish imkoniyati kamida 800 metrni tashkil qiladi. Sinoptiklarning fikricha, tuman 11:00 dan 11:30 gacha tarqalishi kerak.

Tuman Toshkentdan Andijonga bajariladigan HY091 qatnovning ham kechiktirilishiga sabab bo‘ldi. Samolyot 08:30 da parvoz qilishi kerak edi, biroq qabul qiluvchi aeroportdagi tuman tufayli u hamon Toshkentda ob-havo yaxshilanishini kutmoqda. Tahminan uchish — mahalliy vaqt bilan 12:00 da amalga oshiriladi.