Shaharlararo avtobusda yo‘l haqi narxlari yil boshidan buyon o‘rtacha 9,4 foiga oshgan, deya xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi.

Noyabr oyining o‘zida shaharlararo avtobusda yo‘l haqi narxlari oktabr oyiga nisbatan o‘rtacha 0,4 foizga qimmatlashgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, shu yilning yanvar-oktabr oylarida jami 773 dona avtobus ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36,6 foizga oshgan.

Ma’lumotga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekistonda 1442 ta avtobus ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2020 yil — pandemiya davrida ishlab chiqarish hajmi (566 ta) keskin kamayib ketgan.

Avvalroq, hududlarda 310 ta yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etilishi ma’lum qilingandi. O‘shanda aksariyat yo‘nalishlar (66 ta) Andijon viloyatida paydo bo‘lishi qayd etilgandi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida 30 ta, Jizzax va Xorazmda 26 ta, Navoiyda 21ta, Toshkent, Namangan va Qashqadaryoda 20 ta, Farg‘onada 18 ta, Surxondaryoda 17 ta, Buxoro va Sirdaryoda 16 ta va Qoraqalpog‘istonda 14 ta yo‘nalishlar ochilishi ma’lum qilingandi.