2 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida metroda 13 yoshli qizga tegajog‘liq qilgan fuqaro K. Sh. ga (1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining xabar berishicha, yopiq sud jarayoni bo‘yicha sud hukmi e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, K. Sh. 2021 yil 18 sentabr kuni Toshkent metropoliteni poyezdining vagonida voyaga yetmagan qiz bolaga nisbatan nojo‘ya harakatlar qilgan bo‘lib, Jinoyat kodeksining 129- moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga ushlangan holda 2 yil ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 10 oy 21 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi.

Hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan boshlab yigirma sutka ichida Toshkent shahar sudi JIB sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest bildirishi mumkin.