O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya qabul qilinganining 29 yilligi bilan tabrikladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

U butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham davom etayotgan koronavirus pandemiyasi sababli bu yil ham Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlarni keng miqyosda o‘tkazilmasligini ma’lum qildi. «Lekin bu bayram qalblarimizga quvonch va shukuh bag‘ishlamoqda», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Prezident o‘z tabriklarida Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartirishlarni sanab o‘tdi:

  • ilgari amal qilib kelgan «davlat — jamiyat — inson» tamoyilini «inson — jamiyat — davlat» deb o‘zgartirish, uni milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda mustahkamlash;
  • iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash;
  • «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash;
  • Bosh qomusda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilash;
  • yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlarini konstitutsiyaviy darajada aks ettirish;
  • «Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat» tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlash;
  • inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalarini aks ettirish;
  • Konstitutsiyaga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritish. «O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor o‘rin egallashi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev;
  • Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish.

«Albatta, Konstitutsiyani yangilashdek g‘oyat muhim, strategik vazifani hal etishda biz yetti marta emas, yetmish marta o‘ylab, xalqimiz bilan har tomonlama maslahatlashgan holda, yurtimiz va jahondagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganib, aniq qaror qabul qilishimiz zarur», — deyiladi prezident tabrigida.

Prezident bu borada Oliy Majlis palatalari, deputat va senatorlar, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar jamoatchiligi, huquqshunos va siyosatshunos olimlar, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilari, butun xalq bu masalada o‘zining aniq fikr va qarashlarini bildirishiga ishonishini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning quyidagi gapini iqtibos keltirdi: «Yaxshi bo‘lish uchun — o‘zgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi bo‘lish uchun esa yanada ko‘proq o‘zgarish kerak».