AQSh hukumati 2022 yilda Pekinda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga diplomatik boykot e’lon qildi. Mamlakat rasmiy shaxslari O‘yinlarda bo‘lmaydi, deya xabar berdi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki brifingda.

XXRning Sinszyanda genotsit [uyg‘urlar haqda ketmoqda] uyushtirayotgani va boshqa inson huquqlari buzilishlarini hisobga olgan holda Bayden ma’muriyati 2022 yilda Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishgi Olimpiada va Paralimpiada o‘yinlariga diplomatik yoki rasmiy delegatsiyalarni yubormaydi, deyiladi bayonotda.

Bu qaror sportchilarga taalluqli emas — AQSh termasi Olimpiadada ishtirok etishlari mumkin. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Amerika hukumati qarori hurmat qilinishini ta’kidladi: «Hukumat amaldorlari va diplomatlarning bo‘lishi, bu — har bir hukumatning sof siyosiy qarori bo‘lib, XOQ siyosiy betaraflikka to‘liq hurmat bilan qaraydi. Ayni vaqtda [AQShning] mazkur bayonot Olimpiya o‘yinlari va atletlarning ishtiroki siyosatdan tashqari ekanini ko‘rsatadi va biz buni olqishlaymiz».

Xitoyning AQShdagi elchixonasi qarorni «siyosiy manipulyatsiya» va «jimjimador qadam» deb atadi. Diplomatik vakolatxona vakili Lyu Pen’yuyning TASSga ma’lum qilishicha, Amerika vakillarining Olimpiadada bo‘lmasligi «hech kimni xavotirga solmaydi».

«Amerikalik siyosatchilarga hech qanday taklifnoma kelib tushmadi, demak, mazkur „diplomatik boykot“ shunchaki hech qayerdan vujudga kelgan. […] Aslida bu odamlar keladimi yoki yo‘qmi, hech kimni xavotirga solmaydi, bu 2022 yilda Pekinda qishgi Olimpiada o‘yinlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi», — dedi u.

Avvalroq Kanada va Norvegiya siyosatchilari, shuningdek, turli davlatlardan qariyb 200 ta huquqni himoya qilish tashkilotlari O‘yinlarga boykot e’lon qilishga chaqirgan edi. Buyuk Britaniya ham diplomatik boykot ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Siyosatchilarning so‘zlari va huquqni himoya qilish tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda islom diniga e’tiqob qiluvchi turkiy millat vakillari, jumladan uyg‘urlar yopiq mehnat lagerlarida ushlab turilibdi, ular majburiy ravishda bichilib, qiynoqqa solinmoqda.