Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrik maktubida bayram arafasida bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 182 nafar mahbusni afv etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkanini ma’lum qildi.

Davlat rahbari shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish chora tadbirlariga oid ayrim raqamlarni ham keltirib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, nazorat instansiyasi bekor qilinib, fuqarolar va advokatlarning shikoyatlari ham, xuddi prokuror protesti kabi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘riladigan tartib o‘rnatildi.

Ilk bor «mansabdorlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turadigan» ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali joriy yilning o‘zida 6,5 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorning huquqlari tiklandi. Iqtisodiy va fuqarolik sudlarida prokurorning ishtiroki cheklandi, jinoyat ishlarini asossiz ravishda suddan chaqirib olish bilan bog‘liq amaliyotga barham berildi. Xorijiy investorlar huquqlarining himoyasini kuchaytirish maqsadida Xalqaro tijorat arbitraji faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bu yil 4 mingdan ortiq shaxs sud zalidan ozod qilinib, 8 mingga yaqin fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgani, 859 nafar shaxs oqlangani sud-tergov sohasidagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.

Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 108 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 63 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 6 nafarini chet el fuqarolari, 6 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 9 nafarini ayol hamda 25 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.