7 dekabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimidagi missiyasini yakunlayotgan Jumaxon G‘iyosovni qabul qildi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida Abdulaziz Kamilov Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash masalasiga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.

«Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirganda bugungi kunda quruq so‘zdan amaliy ishlarga o‘tish vaqti keldi, — dedi vazir. — Chunki qish yaqinlashmoqda va mamlakatdagi vaziyatning beqarorlashishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar falokatning oldini olish uchun afg‘on xalqiga aniq yordam ko‘rsatish nihoyatda muhim hisoblanadi».

Muloqot vaqtida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston tashkilotga a’zo davlatlarning terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashdagi o‘zaro hamkorligini ta’minlash bo‘yicha SHHTning asosiy organi bo‘lgan MATT faoliyatiga katta ahamiyat qaratmoqda.

2022 yil 1 yanvardan SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimida O‘zbekiston vakili Ruslan Mirzayev faoliyatini boshlaydi.