18 dekabrdan 25 dekabr kunlari «O‘zbekiston yoshlari forumi-2021» bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, forumdan maqsad — yoshlarning g‘oya va takliflarini eshitish uchun maydon yaratish, zamon qahramonlarini kashf etish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mamlakatdagi yangilanishlarga faol jalb qilishdan iborat.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev forum yakunlari bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinishi ma’lum qildi.

Buning uchun yoshlarforumi.uz platformasi ishga tushirilgan. Ushbu platforma orqali yoshlar o‘zlarining taklif va tashabbuslarini yuborishlari mumkin. Takliflar platformada e’lon qilinadi va eng ko‘p ovoz olgan yoshlarning takliflari hukumatga olib kiriladi. Eng yaxshi takliflar va tashabbuslar yuzasidan hukumat qarori qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Toshkentda 15 noyabr kuni «Toshkent yoshlarni sevadi» shiori ostida «Yoshlik oyligi» yoshlar festivali bo‘lib o‘tishi xabar qilingandi.