5 dekabr kuni Toshkentda Bosh prokuratura boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.T. 29 ming AQSh dollarini pora sifatida olganda ushlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, A.T. Olmaliq ixtisoslashtirilgan prokurori lavozimida ishlagan paytida — 2020 yilning oktabr oyida o‘ziga tanish bo‘lgan qurilish korxonasi rahbari D.A.ni Olmaliq shahridagi 11-sonli yotoqxonani rekonstruksiya qilish bo‘yicha qonuniy o‘tkazilgan tenderda qurilish korxonasi go‘yoki uning yordami bilan g‘olib chiqqanligiga ishontirgan va moddiy rag‘bat talab qilib kelgan.

Shundan so‘ng, hozirda Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan va joriy yil 22 noyabrdan mehnat ta’tilida bo‘lgan A.T. 5 dekabr kuni soat 22:00 larda Mirobod tumanidagi «Mustafo» restoranida D.A.dan go‘yoki tenderda yutishiga yordam qilganligi uchun 29 ming dollarni olganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bosh prokuratura tomonidan A.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Gumonlanuvchi protsessual tartibida ushlangani qo‘shimcha qilindi.