Vazirlar Mahkamasining «Avtomobil tarixi» ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab «Avtomobil tarixi» ma’lumotlarini shartnoma asosida Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash bo‘yicha davlat xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Unga ko‘ra avtomobil tarixi quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi:

  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi;
  • yurgan masofasi;
  • fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzilganligi;
  • yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi;
  • transport ishtirokida sodir etilgan qoidabuzarliklar (mavjud bo‘lsa);
  • uning garovda ekanligi haqidagi;
  • unga nisbatan taqiq mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi;
  • yo‘lovchi tashish bo‘yicha litsenziya varaqasi olingani yoki yo‘qligi haqidagi ma’lumotlar.

«Avtomobil tarixi» dasturini ishga tushirish uchun idoraviy axborot tizimlari, xususan Ichki ishlar vazirligidan avtomobil to‘g‘risida ma’lumotlar, Adliya vazirligidan shartnomalar, Moliya vazirligidan olingan sug‘urta, Transport vazirligidan tashish uchun litsenziya varaqasi mavjudligi bo‘yicha axborot tizimlarini integratsiya qilish kerak bo‘ladi.

Ma’muriy reglament loyihasiga asosan ma’lumotlarni olish uchun DXMda yoki YAIDXP orqali ariza beriladi. Uning asosida tegishli organga so‘rov yuboriladi.

Murojaat qilgan shaxsga davlat xizmati Davlat xizmatlari markazi orqali ko‘rsatilgani uchun BHMning 20 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Bu holat YAIDXP orqali mustaqil murojaat qilinganda esa mazkur summaning 90 foizini tashkil etadi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, olingan ma’lumotlar axborot xususiyatiga ega va keyingi rasmiy harakatlar uchun asos hisoblanmaydi.