Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali negizida Termiz muhandislik-texnologiya instituti tashkil etiladi. O‘zbekiston prezidenti 3 dekabrda tegishli qarorni imzoladi.

Filial talabalari tahsil olayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha institutda o‘qishni davom ettiradi hamda ularga o‘qish yakuni bo‘yicha institut diplomi beriladi;

Mahalliy ishlab chiqarish, sanoat korxonalari, geologiya va konchilik tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozorida raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan etib belgilandi.

Institutda amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasi shakllantirilib, ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlanadi hamda o‘quv vailmiy loyihalarni amalga oshiriladi.

Shuninglek, amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish, tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, shuningdek, ta’lim oluvchilarning innovatsion g‘oyalarini amalga oshirish uchun grantlar jalb etish rejalashtirilmoqda.