3 dekabr kuni «Toshkent metropoliteni» DUK rahbariyatining yig‘ilishida tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.

Yig‘ilishda tirbandliklarning oldini olish, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, poyezdlar harakati oraliq intervallarini qisqartirish maqsadida poyezdlar harakati jadvalini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

Metropoliten barcha yo‘nalishlarda «tig‘iz paytlarda» oraliq intervallarini maksimal darajada qisqartirish va barcha imkoniyatlardan foydalangan holda qo‘shimcha harakat tarkiblari sonini ko‘paytirish belgilandi.

Metroning asosiy ish faoliyatiga ta’sir qilmagan xolda «Chilonzor» elektrodeposi tasarrufidagi harakat tarkiblari nosozilklarni aniqlash uchun texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Metropoliten 2021 yilning so‘nggi 6 oylik davrida qayd etilgan harakat tarkiblarining texnik nosozlik tufayli liniyadan chetlatilganligi holatlari soni, nosozlik sabablari, nosozlik qayd etilgan uskuna yoki tizimlar to‘g‘risida tahliliy ma’lumot tayyorlaydi.

Yer usti xalqa yo‘li qurilish ishlarining 2-bosqichi 8−9−10−11-metro bekatlarining qurilish holati o‘rganilib, kamchiliklar bo‘yicha ma’lumotlar tayyorlanishi belgilandi.